"Sarmishsoy" haqida nimalarni bilasiz?

    Bilasizmi? 24 Noyabr 2020 15663

    Sarmishsoy. U haqida ko'p eshitganmiz. Ammo, kimdir so'raganida, ko'pchiligimiz “qoyaga bitilgan tasvirlar bor hudud”, degan ma'lumotnigina ayta olamiz. Xo'sh, Navoiy viloyati hududida joylashgan Sarmishsoy o'zi qanday joy, u nimalari bilan butun dunyoga mashhur? 

    Bilasizmi, etti ming yillik tarixni o'z bag'rida asrab kelayotgan Sarmishsoyda taxminan o'n mingdan ortiq noyob qoyatosh bitiklari bor. Ular shu qadar turfa, shu qadar qadimki, bitiklarning mazmuni, ifoda etgan manzaralarining ko'pchiligi hanuzgacha tadqiq qilinmagan, sirlari ochilmagan. SHu bois Sarmishsoy har doim butun dunyo tadqiqotchilari va sayyohlarini o'ziga jalb etib keladi.

    Shuningdek, Sarmishsoyda tosh davri makon va manzilgohlari, qadimgi mozorlar va sug'orish tarmoqlarining qoldiqlari, ustaxonalar, tegirmonlar, shaxtalar, ko'hna qishloq xarobalari saqlangan bo'lib, ular tosh davridan boshlab to o'rta asrlarga qadar davrlanadi.

    Tarixchi olimlar va arxeologlarning fikricha, qoyatosh suratlari o'sha davrdagi insonlar hayotining bir qismini aks ettirgan. Suratlarda asosan “Hayvon uslub” deb atalmish skif-sak massagetlarining tasviriy san'atida ifodalangan qoplon, pantera, gepard, bezon, yo'lbars kabi “kuch timsoli” hisoblangan hayvonlar tasvirlangan. Shuningdek, ko'proq daryo bo'yi va to'qayzorlarda hayot kechiradigan “mushuksimonlar” oilasiga mansub, ibtidoiy ovchilar uchun qimmatli bo'lgan ov qilish jarayonlari hamda “o'yinchilar” guruhiga oid turli uslubdagi bosh kiyimlar kiygan insonlar qiyofasi va turli xil marosimlar mohirona chizilgan. Bundan tashqari “osmoniy otlar” ifodalangan qoyatosh suratlari har qanday kishini o'ziga rom etmay qo'ymaydi. Bu suratlar qadimda bu erlarda ot boqishning rivojlangan hududlardan biri deb ehtimol qilishga imkon beradi.

    Neolit davrida Qizilqumda yashagan kaltaminor madaniyatiga taalluqli ovchi va baliqchi urug'larining ba'zi birlari Sarmishsoyga kelib joylashgan. Ular bu erda ov qilish bilan bir qatorda asta-sekin chorvachilikka asos solishgan. Bu haqda bizga Sarmishsoydan topilgan 4000 dan ortiq bo'lgan insonlar rasmi — petrogliflar guvohlik beradi.

    Sarmishsoy petrogliflari nafaqat respublika, balki jahon miqyosida bashariyat o'tmishidan qolgan eng sara gavhar – madaniy yodgorlik sifatida tan olingan. Toshlarga o'yib chizilgan rasmlarning barchasini bir qarashda ilg'ash mushkulroq. Tongda, tushlik vaqti va quyosh botayotganidagina ko'rinadigan tasvirlar bor xatto. Ba'zi tasvirlar faqatgina yomg'irli kunda ko'zga tashlanishi bilan hayratingizni oshiradi.

    Sarmishsoyning odamlarni o'ziga ohangrabodek tortadigan yana bir jihati – bu uning maftunkor tabiati. Dara, ayniqsa, ko'klam kelishi bilan ajib go'zallikka burkanadi. 62 oilaga mansub 650 dan ortiq turdagi o'simliklar Sarmishsoyni hech qaerda topib bo'lmaydigan tabiat mo''jizasiga aylantiradi. Ko'p ming yillik tektonik harakatlar sabab kvarts va granit qatlamlari slanets toshlarni siqib qo'ygani natijasida, darada tasma tuzilishidagi tog'burmalanishlari paydo bo'lgan. Buning natijasida yuzaga kelgan jozibador manzara kishi diqqatini tortadi.

    Ayni paytda bu qadim dara “Sarmishsoy” davlat muzeyi qo'riqxonasiga aylantirilgan. Zero, ajdodlar merosini saqlab kelayotgan yodgorliklarni asrab-avaylash va o'z holicha etkazish kelajak oldidagi burchimiz hisoblanadi.

    Madaniyat vazirligi Axborot xizmati