Navoiy viloyatidagi “Sarmishsoy” oromgohida “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxonalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar oʻrtasida yoshlar forumi oʻtkazilmoqda.

30-iyun — Yoshlar kunini munosib kutib olish maqsadida elektr energetikasi va togʻ-kon sanoati korxonalarida faoliyat yuritayotgan uch yuz nafardan ortiq yoshning gʻoya va tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanib, Qozogʻiston, Rossiya Federatsiyasi va Yaponiya yoshlari bilan muloqot maydoni yaratildi.

Festivalning “Sarmishsoy” darasida oʻtkazilishining oʻziga xos sababi bor. Daradagi qoyatoshlarga muhrlangan suratlar dunyo olimlari va sayyohlarini oʻziga jalb etib kelmoqda. Yoshlar forumi ishtirokchilari Sarmishsoyda ushbu hudud tarixi bilan tanishdilar. Bu esa yurtimizda ichki turizmni rivojlantirish va hududning turistik salohiyatini namoyon etishda katta ahamiyat kasb etadi.

Festival qatnashchilariga “Navoiy kon-metalurgiya kombinati tarixi” muzeyida korxonaning bosib oʻtgan shonli yoʻli, yutuqlari, bugungi kunda olib borilayotgan istiqbolli loyihalar haqida keng maʼlumotlar berildi.

“Sarmish” oromgohi amfiteatrida “Birgalikda biz bir kuchmiz!” xalqaro yoshlar festivalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Festival doirasida seminar-treninglar, sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual oʻyini, “Quvnoqlar va zukkolar” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi. “Chashma” majmuasiga ziyorat uyushtirildi.

Festival ishtirokchilari “Navoiy IES” AJga tashrifi chogʻida stansiya tasarrufidagi zamonaviy bugʻ-gaz qurilmalarining ishlash jarayoni, investitsiya dasturlari ijrosi bilan tanishdi.

Jahongir NOSIROV