SARS-CoV-2 virusiga qarshi immun suti Qoraqalpogʻiston fermer xoʻjaligidagi sigirlardan olingan

    Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Xalqaro molekulyar allergologiya markazi Avstriyaning Vena Tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda SARS-CoV-2 virusiga qarshi immun sutini olish loyihasini amalga oshirmoqda.

    Xalqaro molekulyar allergologiya markazining Biotexnologiyalar va komparativ tibbiyot sohasidagi olimlar jamoasi ZF-UZ-VAC2001 Oʻzbekiston-Xitoy vaksinasi bilan emlangan sigirlarning immun sutidan tajriba namunalari oldi. Olingan immun suti koronavirusga qarshi antitanachalarga ega boʻlib, SARS-CoV-2 virusini odam hujayrasidagi APF-2 retseptori bilan bogʻlanishini neytrallashtirish xususiyatiga ega, bu virusning inson hujayrasiga kirishi va koʻpayishiga toʻsqinlik qiladi. Kelajakda mazkur immun suti va undan olingan mahsulotlar sanoat darajasida ishlab chiqarishga tavsiya etilishi mumkin.

    Xalqaro molekulyar allergologiya markazi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan “PanaevFarms” FX kompaniyasi oʻrtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasiga koʻra, hozirda 31 bosh simmental (govmish) nasldor sigirlar hamda Avstriya va Germaniyadan olib kelingan Golshtin zotli sigirlar xavfsiz va samarali boʻlgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3 dozasi bilan toʻliq emlandi.

    ZF-UZ-VAC2001 oʻzbek-xitoy vaksinasi bilan emlangan sigirlarning ogʻiz sutida SARS-CoV-2 virusiga qarshi tanachalar maksimala darajada boʻlishi olimlar tomonidan tasdiqlandi. Yanvar oyining oxirida sigirlar bolalay boshladi. Ogʻiz suti va sutdan olingan tajriba namunalari ustida keyingi klinik-laboratoriya tadqiqotlari davom ettirilyapti. Mazkur tadqiqot haqida maqola xalqaro ilmiy jurnallarga joʻnatildi va biologiya boʻyicha ilmiy maqolalar eʼlon qilinadigan BioRxiv portaliga joylashtirildi.

    Bundan tashqari, davlat standartlariga rioya etgan holda uzoq muddatli pasterizatsiya jarayoni sutning barcha xususiyatlarini, jumladan, antitanachalarning neytrallashtiruvchi faolligini saqlab qoldi. Istiqbolda immun suti va undan olinadigan mahsulotlar sanoat darajasida ishlab chiqarishga tavsiya etilishi mumkin. Immun sutidan tashqari, olingan xomashyodan soʻriladigan tabletkalar hamda vanil, yalpiz, limon mazali ogʻiz boʻshligʻiga sepiladigan spreylar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Olingan mahsulot aholini ommaviy passiv immunizatsiya qilish uchun qoʻllanilishi koʻzda tutilgan.

    Harvard Medical School olimlarining tadqiqot natijalariga koʻra, sigirlarning IgG immunoglobulin konsentrati inson oshqozonidagi hazm qilish jarayonlarida barqarorligini yoʻqotmaydi hamda spetsifik bogʻlovchi va neytrallovchi xususiyatlarini saqlab qoladi. Olingan mahsulot qoʻshimcha hazm qiluvchi dori vositalarini qabul qilishni yoki oshqozonda eriydigan kapsulalar shaklida ishlab chiqarishni talab etmaydi.