Saudiya Arabistoni bilan agro sohadagi hamkorlik kuchaytiriladi

    Agrosektor 2 May 2023 1411

    Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari Umid Mamadaminovning Saudiya Arabistoni investitsiya vaziri oʻrinbosari Muhammad al-Husan bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Unda tomonlar agrosektordagi, jumladan urugʻchilik, quruq mevalar eksporti, oʻgʻitlar ishlab chiqarish sohalaridagi kelgusi aloqalar istiqbolini muhokama qildilar.

    Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi sohasida Saudiya Arabistoni bilan savdo-investitsiya munosabatlarida salmoqli natijalar berishi mumkin boʻlgan tayyor investitsiya loyihalari va aniq takliflarga ega qator korxonalar va tashkilotlar mavjud. Umid Mamadaminov ushbu masala boʻyicha Oʻzbekiston tomoni hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, u hozirda Oʻzbekiston iqtisodiyoti jadal surʼatlarda rivojlanayotganini va agrosektorda allaqachon munosib natijalarga erishganligini taʼkidladi.

    Janob Muhammad al-Husan tomonidan kelgusidagi ikki tomonlama hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun qoʻshma ishchi guruh tuzish taklif etildi. U Oʻzbekistonda investitsiya iqlimini yaxshilash borasidagi qulay shart-sharoit va keng koʻlamli choralar Saudiya Arabistoni investorlarida oʻzbek bozoriga nisbatan katta qiziqish uygʻotayotganligini aytdi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Saudiya Arabistoni investorlarining onlayn-uchrashuvini tashkil etishga, shuningdek Oʻzbekistonga va Saudiya Arabistoniga oʻzaro tashriflar davomida ikki mamlakat delegatsiyalarining amaliy muzokaralarini tashkil etishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.