Saudiya Arabistoni bilan investitsiyaviy hamkorlik yanada kengaytiriladi

    Investitsiyalar 28 Noyabr 2022 999

    Joriy yil 28-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjaev Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan videokonferensaloqa orqali uchrashuv o‘tkazdi.

    Yig‘ilishda Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning joriy yil avgust oyida Saudiya Arabistoni Podshohligiga tashrifi chog‘ida imzolangan investitsiyaviy bitimlarni amalga oshirishning joriy holati va uni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama etildi.

    Muzokaralarda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

    Tomonlar ko‘p qirrali ikki tomonlama munosabatlar kun tartibini ko‘rib chiqib, mavjud ijobiy dinamika ikki davlat rahbariyati o‘rtasidagi ishonchli munosabatlarga asoslanganligini ta’kidladilar.

    Energetika sohasida sarmoyaviy hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama etildi. Hozirda ACWA Power kompaniyasi umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq va quvvati 4,1 GVt dan ortiq bo‘lgan 5 ta loyihani amalga oshiryapti. Loyihalarni joriy etishni jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rish, shuningdek, qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirishni o‘z ichiga olgan 10 milliard dollarlik yangi investitsiya dasturini ishlab chiqishni maromiga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

    1 milliard 310 million dollarlik MTP texnologiyasi asosida metanoldan propilen ishlab chiqarishni tashkil etishni nazarda tutgan holda kimyo tarmog‘ida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlarning borishi ko‘rib chiqildi. Joriy yil dekabr oyida loyihaning texnik va texnologik parametrlarini ishlab chiqishni jadallashtirish maqsadida Saudiya Arabistoni kompaniyalari delegatsiyasining tashrif buyurishi rejalashtirildi.

    Tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi ishlar ham xuddi shunday konstruktiv ruhda muhokama etildi. Tomonlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 5 ta shifoxonani rekonstruksiya qilish, Al-Habib tibbiyot akademiyasini tashkil etish va farmatsevtika ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish haqida fikr almashdilar. Saudiya tomoni barcha tayyorgarlik jarayonlarini amalga oshirish va loyiha hujjatlarini shakllantirishni tezlashtirish maqsadida mutaxassislar guruhini yuborishga tayyorligini bildirdi.

    Muloqot chog‘ida qishloq xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Iqlim sharoiti va tuproq sifatini o‘rganish bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olindi. Tahlil natijalariga ko‘ra, Navoiy va Toshkent viloyatlarida 1,8 ming gektardan ortiq maydonda «Al Rajhi International» va «Ajlan & Bros» kompaniyalari mutaxassislari tomonidan ilg‘or tajriba va texnologiyalardan foydalangan holda ishlar boshlab yuboriladi.

    Tomonlar Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi bilan O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi o‘rtasida qo‘shma investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish to‘g‘risida Bitim tuzish, shuningdek, Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi ko‘magida O‘zbekistonda Indeksga asoslangan aksiyadorlik jamg‘armasini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildilar.

    Afg‘onistonda mintaqaviy ahamiyatga ega infratuzilmaviy loyihalarni, jumladan, O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l liniyasi va Surxon-Puli-Xumri elektr tarmog‘ini qurishni amalga oshirishga Saudiya Arabistoni sarmoyalarini jalb etish imkoniyatlari alohida ko‘rib chiqildi.

    Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar muhokama etilgan barcha loyihalarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq etish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga sodiqligini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.