Saudiya Arabistoni oʻz fuqarolari va mehmonlarni ehtiyot boʻlishga chaqirdi

    Soʻnggi kunlarda Saudiya Arabistoni ayrim hududlarida, jumladan, Makka va Madina kabi ikki shaharlarda kuchli yomgʻir va shamol kuzatildi.

    28-29-avgust kunlari Madina shahrida kuchli shamol esib, shiddatli yomgʻir yogʻgani sabab suv toshqinlari kuzatildi. Shahardagi bir qator yirik koʻcha va yoʻllarga, avtomobillarga jiddiy zarar yetdi. Ayrim turar joy binolari suv ostida qoldi.

    Ayni paytda Saudiya Arabistoni Milliy meteorologiya markazi va fuqaro muhofazasi bosh boshqarmasi Madina shahri va uning atrofidagi hududlarda kuchli yogʻingarchilik tufayli ogohlantirish darajasi qizil ranggacha koʻtarilganini eʼlon qildi. Bunday ob-havo sentyabr oyining birinchi oʻn kunligiga qadar davom etishi mumkinligi maʼlum qilingan.

    Fuqaro muhofazasi bosh boshqarmasi fuqarolar va xorijlik mehmonlarni momaqaldiroq va kuchli shamol vaqtida ehtiyot boʻlishga chaqirdi.

    Dovul tufayli qirollikdagi maktab, kollej va universitetlarda darslarni onlayn tarzda oʻtkazishga qaror qilindi.