Doktor Saud Al-Sarhan joriy yil yanvar oyida Oʻzbekistonga safari tafsilotlari bilan oʻrtoqlashdi. Uning aytishicha, ushbu tashrif juda samarali amalga oshirildi va Oʻzbekiston bilan hamkorlikning qator aniq yoʻnalishlari belgilab olindi. Jumladan, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan anglashuv Memorandumi imzolandi va uning doirasida qoʻlyozmalarni oʻrganish boʻyicha amaliy takliflar ishlab chiqildi.

Muloqotda Saudiya tomonidan Islom sivilizatsiyasi markaziga moddiy-texnikaviy yordam masalasi muhokama qilindi.

Oʻzbekistondagi qoʻlyozmalarni sterilizatsiya qilish, qayta tiklash, mikroblardan saqlashda ishlatiladigan maxsus “Wei Tʻo” jihozini Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etish uchun buyurtma berilgani taʼkidlandi. Mazkur uskuna Islom sivilizatsiyasi markazidagi mavjud 2 mingdan ziyod qoʻlyozmaning yemirilishini oldini olish va aslini yoʻqotmagan holda saqlashda eng yaxshi vosita ekanligi taʼkidlandi.

“Wei Tʻo” uskunasi tayyor boʻlgach, Faysal markazi tomonidan chop etilgan kitoblar majmuasi bilan birgalikda Oʻzbekistonga yetkazilishi maʼlum qilindi.

Oʻz navbatida elchixona vakillari respublikamizdagi qoʻlyozmalarni oʻrganish va ularni raqamlashtirish boʻyicha Saudiya tajribasini oʻzlashtirish maqsadida oʻzbekistonlik mutaxassislarning podshohlikka safarini tashkil etish taklifini bildirdi.

Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti va mamlakatimizdagi boshqa ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni faollashtirish xususida ham fikr almashildi.

Uchrashuv soʻnggida Podshoh Faysal nomidagi tadqiqotlar va islomshunoslik markazida saqlanayotgan buyuk ajdodlarimiz Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburga taalluqli qoʻlyozma asarlar va kitoblardan nusxa olish boʻyicha kelishuvga erishildi.