Saudiya Arabistoni Podshohligi Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirmoqchi

    Investitsiyalar 23 Dekabr 2022 882

    Joriy yil 23-dekabrda Saudiya Arabistoni Podshohligi delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih oʻrtasida tor doiradagi muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.

    Oʻzbekistonning turli hududlarida muqobil energiya sohasida qator yirik loyihalarni amalga oshirayotgan ACWA Power kompaniyasining ijobiy tajribasi qayd etildi. Kompaniya hozirgi kunda amalga oshirilayotgan loyihalar hamda kelgusidagi investitsiya tashabbuslarini hayotga tatbiq etishda har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga oʻzaro tayyorlik bildirildi.

    Sabic, Saudi Telecom, Dr. Sulaiman Al Habib Group, Jamjoom Pharma, Al Rajhi International va Ajlan & Bros Holding Group, Al Hokair Group kabi kompaniyalar va Saudiya Arabistoni Milliy banki bilan kimyo, telekommunikatsiya, tibbiyot, farmatsevtika sohalari va bank sektori, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, chakana savdo tarmoqlarini tashkil etish yoʻnalishlarida bir qator loyihalarni maromiga yetkazib, foydalanishga topshirishni tezlashtirish istiqbollari muhokama etildi.

    Ikki davlat ishbilarmon doiralari ishtirokida boʻlib oʻtgan biznes-forum hamda uning davomida imzolangan bir qator istiqbolli bitim va shartnomalar yuzasidan fikr almashildi.

    Muloqot davomida mintaqaviy ahamiyatga molik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi oʻrtasida Oʻzaro anglashuv memorandumini imzolashni tezlashtirish, 2023-yil fevral oyida Toshkent shahrida Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashining 5-yigʻilishi hamda “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi”ni tashkil etish chora-tadbirlari ham koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.