Oʻzbekiston musulmonlari idorasi maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasida ishonchli hamkorlik va doʻstona munosabat oʻrnatilgan boʻlib, birgalikda qator qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda Podshoh Salmon nomidagi insonparvarlik yordami markazi yaqinlashib kelayotgan Ramazon oyi munosabati bilan mamlakatimizga 50 tonna xurmo taqdim etayotgani maʼlum qilindi.
Insonparvarlik koʻmagini Saudiya Arabistonining Oʻzbekistondagi elchisi Hishom ibn Mishʼal ibn Suvaylim Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Homidjon Ishmatbekov va “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari Yahyo Abdurahmonovga topshirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Xurmo “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Ramazon oyi arafasida respublikamizdagi diniy tashkilotlar, masjidlar, taʼlim muassasalari va hududlardagi kam taʼminlangan oilalarga xayriya sifatida tarqatilishi rejalashtirilgan.