Tadbirdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasida turizm sohasida oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash, ziyorat turizm yoʻnalishini keng targʻib qilish hamda mamlakatimizga saudiyalik sayyohlarning sonini koʻpaytirish borasidagi masalalarni muhokama qilishdan iborat boʻldi.
Diplomatik missiya rahbari bugungi kunda mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar haqida maʼlumot taqdim qildi.
Oʻzbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy meʼmoriy va arxeologik obidalari, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz, Qoʻqon va Toshkent shaharlarining turistik salohiyati haqida haqida soʻzlab berildi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil avgust oyida Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlar, jumladan, Saudiya fuqarolariga 2023-yil
1-yanvardan boshlab 30 kunlik muddatga Oʻzbekistonga vizasiz kirish imkoniyati yaratilganiga eʼtibor qaratildi.
Abdulaziz Sulaymon mazkur yangilik saudiyaliklar tomonidan mamnuniyat bilan kutib olingani, Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar sonini yanada koʻpaytirish muhimligini taʼkidladi. Jumladan, Ar-Riyod-Toshkent, Jidda-Samarqand, Madina-Namangan yoʻnalishlari boʻyicha yangi qatnovlarni joriy etish maqsadga muvofiqligi qayd etildi. Mazkur yoʻnalishlar sayyohlar oqimini koʻpaytirish va oʻzaro savdo hajmini oshirishga xizmat qilishini bildirdi.
“Saudi International Travel Co.” rahbari soʻnggi yillarda saudiyalik sayyohlarning Oʻzbekistonga safar qilishga qiziqishi tobora ortayotganini bildirib, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga doir qator takliflarni ilgari surdi.