Tojikiston bilan tovar ayirboshlash hajmi 757 million dollarga yetdi. Uni 1 milliardga oshirish moʻljallanmoqda

    Dushanbe shahrida 12-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Ikki mamlakat Bosh vazirlari boshchiligida oʻtgan yigʻilishda Prezidentlar – Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarimiz doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro hurmat ruhida jadal rivojlanib borayotgani, ular tomonidan koʻp qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgani taʼkidlandi.

    Soʻnggi yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash oshib bormoqda. Oʻtgan yili uning hajmi 757 million dollarga yetdi. Kelgusida oʻzaro savdoni 1 milliard dollarga yetkazish uchun birgalikda barcha choralarni koʻrish lozimligi, bunga sanoat kooperatsiyasi, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi, transport-logistika sohalarida qator qoʻshma loyihalarni izchil amalga oshirish orqali erishish mumkinligi qayd etildi.

    Yigʻilishda Oʻzbekiston-Tojikiston xalqaro chegara savdo zonasini yaratish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini uchinchi mamlakatlarga eksport qilish uchun chegara hududlarida ulgurji tarqatish markazlarini yaratish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

    Shuningdek, agrosanoat, toʻqimachilik, farmatsevtika, kimyo, metallurgiya, elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish yuzasidan mavjud imkoniyatlarni ishga solish lozimligi belgilandi.

    Majlisda hududlararo hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻz samarasini berayotgani, ayni paytda Oliy darajadagi uchrashuv arafasida Oʻzbekiston-Tojikiston ikkinchi hududlararo forumini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilayotgani maʼlum qilindi.

    Tomonlar qishloq xoʻjaligi sohasida ham hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki mamlakat chegaradosh hududlarida qoʻshma qishloq xoʻjaligi klasterlarini tashkil etish va hamkorlikda tadqiqotlar oʻtkazishdan manfaatdorligini bildirdi.

    Transport-kommunikatsiya sohasi qoʻshma savdo-iqtisodiy va investitsiya loyihalarini amalga oshirishda, doʻst xalqlarimiz oʻrtasidagi birodarlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashda esa madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik muhim omil boʻlishi qayd etildi.

    Tadbir soʻnggida Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning 11-yigʻilishi bayoni imzolandi.