Unda investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.Voitov, ITSV hamda tegishli vazirlik va idoralar masʼul xodimlari, Xitoy tomonidan esa Xitoy Xalq Respublikasi tijorat vazirining oʻrinbosari Yu.Szyanxua, XXR tarmoq vazirliklari, idoralar va moliyaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Yigʻilishda Kichik qoʻmita Oʻzbekiston -Xitoy Hukumatlararo hamkorlik Qoʻmitasining boʻlajak anjumaniga tayyorgarlik koʻrish jarayonida asosiy mexanizm vazifasini bajarayotgani alohida taʼkidlandi.

Tomonlar ushbu tadbir Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash va savdo qilish nuqtayi nazaridan bogʻliqligini rivojlantirish uchun muhim platforma boʻlib xizmat qilishini taʼkidladilar.

Tadbirda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati, oʻzaro savdoni rivojlantirishning dolzarb masalalari, xususan, Oʻzbekiston delegatsiyasining “China International Import Expo” koʻrgazmasida ishtirok etishi, Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilishiga koʻmaklashish, transport orqali yetkazib berish va logistikani rivojlantirish istiqbollari, jumladan, Xitoyga blok-yetkazib berish shaklida oʻzbek mahsulotlarini eksport qilish amaliyotini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, tomonlar ikki mamlakat hududlari oʻrtasida investitsiyaviy, texnik-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va aloqalarni chuqurlashtirish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.

Bundan tashqari, ishtirokchilar Oʻzbekiston -Xitoy Hukumatlararo hamkorlik Qoʻmitasi yigʻilishida imzolash uchun taqdim etilgan hujjatlarni, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni 5 yillik rivojlanish dasturini oʻrganib chiqdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston -Xitoy Hukumatlararo hamkorlik qoʻmitasining boʻlajak yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish doirasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikning dolzarb masalalari ustida ish olib borishni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Maʼlumot uchun: joriy yilning birinchi yarmida Davlat va hududiy investitsiya dasturlari doirasida oʻzlashtirilgan Xitoy investitsiyalari hajmi 2020-yilning shu davriga nisbatan 25% oʻsib, 1 milliard dollardan oshdi.

2021-yilning yanvar – iyul oylari yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 21,6 milliard dollarni tashkil etdi, unda Xitoy 4 milliard dollarlik ulushi bilan (umumiy hajmning 18,7%) birinchi oʻrinni egallaydi. 2020-yilning tegishli davriga nisbatan, Xitoy bilan savdo aylanmasi 16,9% yoki 581,2 million dollarga oshdi.

Shu bilan birga, Xitoy Oʻzbekistonning eng yirik eksport bozoridir. Joriy yilning yanvar – iyul oylarida Xitoyga tovar va xizmatlar eksporti 2020-yilning shu davriga nisbatan 287,6 million dollarga (+28,6%) oʻsdi va Oʻzbekiston umumiy eksport hajmining 1,3 milliard yoki 15,9%ni tashkil etdi.