Savitskiydagi “Askar maktublari”

    Askarlardan biri sog'inch va hayajon bilan xat yozmoqda, ikkinchi askar esa yonboshlab, qo'lini iyagiga tirab olgan holda xat o'qiyapti. Uchinchi askar esa ikki qo'lini boshiga qo'yib, osmonga tikilib yotibdi.

    Nukus shahrida yurtimizdagi yirik muzeylardan biri — «Sahrodagi luvr» nomi bilan mashhur bo'lgan I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog'iston davlat san'at muzeyi faoliyat yuritadi. 85 mingdan ortiq eksponatga ega bo'lgan muzey fondidan XX asrning eng noyob durdonalari hisoblangan tasviriy san'at asarlari ham o'rin olgan.
    Muzeydagi rangtasvir va grafika asarlari mavzusi keng qamrovli. Ayniqsa, o'sha davr mashhur rassomlarining SHarq hayotiga, yashash turmush tarziga bo'lgan qiziqishini tasviriy san'atda ifoda etishi rassomlik san'atida rang-barang asarlarning yaratilishiga zamin yaratdi. Bu ijobiy natijaga nafaqat keksa avlod vakillari, balki zamondosh rassomlar ham erishdi. Ular milliy san'atimizning yuksalishiga munosib hissa qo'sha oldilar.

    Jumladan, O'zbekiston xalq rassomi, O'zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Jollibay Izentaev asarlari bugun muzeyning nodir eksponatlari sirasidan o'rin olgan. Rassom ijodi bilan yaqindan tanishar ekansiz, asarlardagi o'ziga xos uslub, to'yingan kolorit va mohirona yoritilgan kompozitsion echimni his etasiz. Ijodkorning vatanparvarlik g'oyalariga yo'g'rilgan asarlarida qoraqalpoq xalqining tarixi, urf-odatlari, milliy madaniyati turfa ranglarda qarshingizda jilolanadi.

    Jollibay Izentaev ijodida harbiylar hayotiga bag'ishlangan asarlarni ham uchratasiz. Muzey ekspozitsiyasidan o'rin olgan «Askar maktublari» nomli rangtasvir asari Ikkinchi jahon urushi yillari manzaralaridan birini aks ettiradi. Lavhada askarlarning kuchiga kuch, g'ayratiga g'ayrat qo'shuvchi, sog'inch taftini bosuvchi «xat» mavzusi qalamga olinadi. Kartinaga e'tibor beramiz: yashillikka burkangan fonda daraxt soyasida dam olib o'tirgan uch nafar askar tasvirlanadi. Askarlardan biri sog'inch va hayajon bilan xat yozmoqda, ikkinchi askar esa yonboshlab, qo'lini iyagiga tirab olgan holda xat o'qiyapti. Uchinchi askar esa ikki qo'lini boshiga qo'yib, osmonga tikilib yotibdi.

    Ikkinchi fonda bir guruh askarlar to'planib, nimanidir muhokama qilmoqda. Rassom shu orqali koloritni chuqur his etib, ranglar bayonida lavhani jonlantirishga erishgan. «Askar maktublari» askarning bir kunlik hayotidan olingan parcha. Rassom bu asarini chizganida shunchaki xat o'qiyotgan askarni tasvirlamaganini aytdik. eng muhimi, ijodkor shu asari orqali insoniy his-tuyg'ularni tarannum etadi, shu bilan birga, urush mohiyatini ochishga ham urinadi. Urush – dunyoning tinchligiga raxna soluvchi, insonlarni o'z domiga tortuvchi yovuzlik. «Askar maktublari»dagi qahramonlar mana shu yovuzlikka qarshi kurashga chiqqanlar. YAqinlariga maktub bitayotgan askar shu damda balki so'nggi marotaba xat yozayotgandir. Urush insonning qismatini shafqatsizlik ila belgilaydiki, uni faqat mardlik, jasorat va matonat bilan engmoq mumkin. Rassom ushbu kartinada daraxt, yashil fon, nur va soya obrazlaridan ramziy timsollar sifatida foydalangan. Aslida asardagi daraxtlar hayot, yashillik tinchlik va totuvlikni anglatsa, nur va soyalar hayotning o'n beshi yorug', o'n beshi qorong'i ekanligiga ishoradir. Jollibay Izentaev falsafiy fikrlarga chorlovchi, hayotning mohiyatini yoritishga undovchi asarlar yaratgan ajoyib rassom.

    SHohista ABDURAHMONOVA,

    san'atshunos