Saxovatpesha tadbirkorlarimiz koʻpayib borayotgani bizni quvontiradi — Prezident

    Anʼanaga koʻra, bu yil ham kichik biznes vakillaridan tortib yirik korxonalar rahbarlarigacha – eng ilgʻor va fidoyi tadbirkorlardan 49 nafari davlat mukofotlari, 112 nafari esa “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

    Ular orasida ilmi bilan biznesni rivojiga katta hissa qoʻshayotgan olimlar ham bor.

    Oʻtgan bir yilda yana 52 nafar ishbilarmon tadbirkorlar, mirishkor dehqon va fermerlar, tashabbuskor investorlar orden va medallar sohibiga aylandi.

    «Ayniqsa, homiylik qilib bogʻcha va maktab, shifoxonalar qurayotgan, ehtiyojmand oilalarga koʻmaklashayotgan, yoshlarni qoʻllab-quvvatlayotgan saxovatpesha tadbirkorlarimiz koʻpayib borayotgani bizni quvontiradi.
    Oʻgʻil-qizlarimizni sportga jalb qilish uchun katta-katta sharoit qilib berayotgan, ularning jahon va qitʼa chempionatlari, Olimpiya hamda Paralimpiya oʻyinlari, boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori choʻqqilarni zabt etishiga koʻmaklashayotgan biznes vakillari yurtimizning chinakam fidoyilaridir», — dedi Prezident.

    Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari butun respublikaning biznes vakillariga oʻzining chuqur va samimiy minnatdorligini izhor qildi va bayram bilan tabrikladi.