Jizzax viloyati Yoshlar markazida “Oʻzbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi hamda Saylov oʻtkazish tartibi yanada takomillashtirilishining muhim jihatlari mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan targʻibot uchrashuv oʻtkazildi.

Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati U.Oʻrazboyev, Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyat boshqarmasi, tuman va shahar boʻlimlari rahbarlari, xodimlari, yoshlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, qonun loyihasi bilan bir mandatli saylov okruglarida boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan, deb hisoblanishi belgilanganmoqda. Yaʼni, mutlaq koʻpchilik emas, balki nisbiy koʻpchilik ovozi bilan deputatlar saylanishi taklif etilmoqda.

Qonun loyihasini yanada takomiliga yetkazish maqsadida joriy yilning 10-oktyabrdan 24-oktyabrga qadar jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Muhokamalarda yoshlar, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari va siyosiy partiyalar vakillari, umuman vatanimiz taqdiriga befarq boʻlmagan yurtdoshlarimiz ishtirok etib, oʻz taklif va fikr-mulohazalarini bildirishdi. Jamoatchilik muhokamalari davomida qonun loyihasi yuzasidan 400 ga yaqin taklif-mulohazalar kelib tushdi.