Uchrashuv davomida G.Pashayeva saylov ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga muvofiq yuqori saviyada oʻtganini, pandemiya munosabati bilan har bir saylov uchastkasida karantin talablariga rioya etilganini, saylovchilar ishtiroki yuqori darajada boʻlganini va ularning aksariyatini yoshlar tashkil etganini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Prezidenti saylovini mingga yaqin xalqaro kuzatuvchi va ommaviy axborot vositalari vakillari kuzatib bordi.

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi B.Sayfullayev Oʻzbekistonda milliy saylov qonunchiligi takomillashtirilayotgani va amalga oshirilayotgan islohotlar haqida axborot berdi.

Uchrashuvda mamlakatlarimizni doʻstona munosabatlar bogʻlab turishi, koʻplab sohalarda hamkorlik mustahkamlanayotgani, bunda ikki davlat parlamentlari muhim rol oʻynashi taʼkidlandi.

Tomonlar madaniyat va sanʼat, ziyorat turizmi, madaniy turizm, gender tenglik sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat anʼanalari va madaniy qadriyatlarini targʻib qilish boʻyicha qoʻshma loyihalarni muhokama qildilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.