Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi

    Saylov 11 May 2021 828

    Vazirlar Mahkamasining 6.05.2021-yildagi «O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining Yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi 286-son qarori qabul qilindi.

    Saylov kodeksiga, shuningdek, Prezidentning «Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2018-yil 4-oktyabrdagi PQ-3961-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining Yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

    Xususan, 2-band quyidagi kichik band bilan to‘ldirildi:

    O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti (agar saylovchi fuqaro chet davlatda bo‘lsa, xorijga chiqish pasporti yoki diplomatik pasporti) yoki identifikatsiya ID-kartasi seriyasi va raqami, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, familiyasi, ismi, otasining ismi (davlat tilida, lotin yozuvida), tug‘ilgan sanasi, doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarning yashash joyi manzili va uning kadastr raqami Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi tomonidan taqdim etiladigan axborotlar hisoblanadi.

    Bundan tashqari, 4-«d»-bandda aniqlashtirilishicha, Tashqi ishlar vazirligi chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari tomonidan saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan o‘sha davlat hududida turgan O‘zbekiston fuqarolari to‘g‘risida axbarotlarni taqdim etadi.

    9-band quyidagi kichik bandlar bilan to‘ldirildi:

    - DSQ huzuridagi Kadastr agentligi - fuqarolarning ko‘chmas mulk ob’ektlari kadastr raqamlari, ular joylashgan manzili va geolokatsiya to‘g‘risida axborotlarni taqdim etadi;

    - Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Milliy gvardiya oliy harbiy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan fuqarolar to‘g‘risida - saylov boshlanishidan uch oy avval, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan fuqarolar to‘g‘risida esa - saylov boshlanishidan 4 oy avval axborotlarni taqdim etadi.

    Mahalliy ijro hokimiyati organlari tomonidan taqdim etilgan saylov uchastkalarining dislokatsiyalari asosida saylov uchastkalariga tegishli hudud chegaralari bo‘yicha Kadastr agentligi tomonidan saylov okruglari va uchastkalarining geolokatsiyali elektron xaritasi tuziladi.

    Hujjat bilan boshqa o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar nazarda tutilgan.

    Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 7.05.2021-yildan kuchga kirdi, deb xabar beradi «Norma».