Uzoq vaqt davom etayotgan pandemiya sabab butun dunyoda turizm sohasi ayrim kutilmagan salbiy holatlarga duch keldi. Oqibatda koʻpgina mamlakatlarda bu soha faoliyati orqaga ketdi. Quvonarlisi, mamlakatimizda turizm yoʻnalishida olib borilayotgan islohotlar, hukumat tomonidan ajratilgan imtiyozlar sabab soha rivojlanishda davom etmoqda. Yurtimizga xorijiy sayyohlar tashrifi yana jonlanyapti.
Shunday ekan, ularga munosib sharoitlar yaratish, ochiq osmon ostida, tabiat qoʻynida dam olish maskanlarini tashkil etish zarurati paydo boʻlyapti. Samarqand viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi tomonidan ana shunday yangi turistik manzillarga press-tur uyushtirildi.
Jurnalist va blogerlar eng avval Samarqand tumanidagi “Barkhan Hall” turistik maskanida boʻldi. Ushbu turistik manzilning Samarqand-Qarshi yoʻlida joylashganligi mahalliy sayyohlar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratilishi bilan eʼtiborni tortadi. Bu maskan hali toʻliq qurib bitkazilmagan boʻlsa-da, oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyib, mahalliy sayyohlarga xizmat koʻrsatmoqda. Kelajakda bu yerda uch yulduzli mehmonxona va oilaviy dam olish boʻlimlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Shundan soʻng press-tur ishtirokchilari “Jannat Makon” turistik dam olish maskani faoliyati bilan tanishdi. Ushbu dam olish manzilgohida mehmonlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Maskan shahar shovqinidan holi, tabiat qoʻynida joylashgan. Yozning issiq kunlarida bu yer mahalliy va xorijiy sayyohlarning dam olishlari uchun eng qulay manzilga aylanishi, shubhasiz.
Ishtirokchilar tadbir davomida “Delfin” sport majmuasida ham boʻldi. Bu yerda sportning suzish turi bilan shugʻullanuvchi bolalar va kattalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Majmuada aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida suzish va shu yoʻnalishdagi sport turlari bilan shugʻullanish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, bu yerda yangi avlod professional sportchilari tayyorlanmoqda.
Salomatlik va sport bilan bogʻliq boʻlgan keyingi manzil Samarqand shahridagi Yakka kurash turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport majmuasi boʻldi. Bu yerda yoshlar dzyudo, sambo, boks, taekvando va yunon-rum kurashi kabi sport turlari bilan muntazam shugʻullanmoqda. Muassasa xodimlari press-tur ishtirokchilarini sport maktabi tarixidan darak beruvchi muzey, faxriylar va ustozlar burchagi hamda mashgʻulotlar olib borayotgan yosh sportchilar hamda murabbiylar faoliyati bilan ham tanishtirdi.
Sulaymon MARDIYEV