Jahon matbuotining yozishicha, yakshanba kunidan boshlab Germaniya toʻliq emlanmagan sayyohlardan koronavirus uchun salbiy test yoki yaqinda kasallanib chiqqani haqida maʼlumotnoma talab qila boshladi. Bu oʻn ikki yoshdan oshganlarga, jumladan, mamlakatga avtomobilda kelganlarga tegishli.
Berlinda avgust oyining ilk kunida yuzlab namoyishchilar sanitariya cheklovlari va emlashga qarshi ruxsatsiz norozilik namoyishida qatnashdi. Ayrimlarda “Ozodlik!”, «Korona-diktaturaga – yoʻq!» yozuvli plakatlar bor edi. Namoyish politsiya bilan toʻqnashuvsiz oʻtmadi. Huquq-tartibot xodimlari bir necha kishini hibsga oldi.
Daniya cheklov choralarini yumshatdi. “Salomatlik pasporti” deb ataluvchi hujjat endi 500 oʻrindan kam boʻlgan teatr va kinoteatrlarga taqdim etish shart emas. Bu muzey, bozor va hayvonot bogʻlariga ham tegishli. 2000 kishilik ochiq havoda oʻtkaziladigan tadbirlar uchun ham tegishli sertifikat talab etilmaydi.
Portugaliyada 1-avgustdan boshlab keskin vaziyatli hududlarda joriy etilgan komendantlik soati bekor qilindi. Doʻkon, restoran va barlarga ertalab soat ikkigacha ishlashga ruxsat berilgan. Biroq, dam olish kunlari mehmonxonada qolish va restoranlarga kirish uchun emlanganlik yoki koronavirusga salbiy test guvohnomasini koʻrsatish shart.
Fransiyaning Marsel shahrida oʻttiz mingga yaqin muxlis “Oranj Velodrom” futbol stadioniga qaytdi. Bu yerda «Olimpik Marsel» va «Vilyarreal» oʻrtasida oʻrtoqlik uchrashuvi boʻldi. Shu yil bahorda stadion koronavirusga tekshirish va emlash markazi sifatida ishlagan edi.