Yigʻilishda xorijiy sayyohlarning Oʻzbekistonda bir kun koʻproq qolishi – yillik turizm eksportini 300 million dollarga oshirishi taʼkidlandi.

Misol uchun, bugungi kunda Xorazmda turistlarning qolish muddati – oʻrtacha 2 kun, sarflaydigan mablagʻi – 220 dollar. Xorijiy turistlar Buxoro, Samarqandga qaraganda Xorazmda 2,5 baravar kam. Lekin, Xorazmda sayyohlarni 3-4 kun olib qolish va 400-500 dollar xarajat qilishlari uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Yoki, oʻtgan yili 31 ta tuman va 143 ta mahalla turizmga ixtisoslashtirib, ularda alohida soliq rejimi joriy qilindi. Bu imkoniyatdan Forish, Urgut, Xoʻjayli, Payariq, Nurota tumanlari va Angren shahri samarali foydalangan.

Na temir yoʻli bor, infratuzilmasi rivojlanmagan, chekka hududda joylashgan bu tumanlarda shuncha oʻzgarish boʻlib, sharoiti ancha yaxshi boʻlgan Kogon, Kitob, Xatirchi, Qiziltepa, Yangiqoʻrgʻon, Toyloq, Boysun, Parkent, Bogʻot tumanlari bu imkoniyatlardan foydalanmayotgani tanqid qilindi.