Sayyor qabulga borib uyli boʻldim

    Keyingi yillarda mamlakatimiz aholicini, ayniqsa boquvchisini yoʻqotgan xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash borasida davlat tomonidan manzilli koʻmaklashish boʻyicha Prezidentimiz tashabbusi bilan mutlaqo yangicha tizim, yaʼni “Ijtimoiy daftarlar” joriy etildi.

    Unga koʻra, Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida yangi yil bayrami arafasida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 7 nafar uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga viloyat hokimi qaroriga asosan viloyat mahalliy byudjetining 2022-yil III chorak oshirib bajarilgan qismidan tumanga ajratilgan 450 mln. soʻm mablagʻ hisobiga ijtimoiy uy kalitlari topshirildi.

    Shuningdek Nishon tumanida ham boquvchisini yoʻqotgan “Ayollar daftari”da turuvchi Arjeyin Silviya va Xurshida Boyqobilovalarga “Baynalminal” MFY hududidan uy olib berildi.

    “Bir necha yillardan buyon uysiz, ijarada yashab kelardim. Qaramogʻimda bir nafar bolam bor. Qiynalib qolganim bois, tuman masʼullarining sayyor qabuliga borgandim. Masʼullar mening murojaatimni tinglab, ijobiy hal etishdi. Biz kabi boquvchisini yoʻqotgan, yolgʻiz onalarga eʼtibor qaratishayotgani uchun avvalo muhtaram Prezidentimizga mingdan-ming rahmat aytaman”, - deydi Xurshida Boyqobilova.