Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari  B.Islomov rahbarligida joriy yilning 17-20-mart kunlari Buxoro viloyatida, jumladan 19-mart kuni Peshku tumanida ommaviy sayyor qabullar boʻlib oʻtdi. Qabulda Romitan tumanidan 74 nafar fuqaro ishtirok etib, oʻzlarini qiynab kelayotgan sud-huquq va boshqa sohalarga oid masalalar boʻyicha murojaat qilishgan edi.

Ayni kunda ushbu murojaatlarning 30 dan ortigʻi qanoatlantirildi, shundan 15 tasi ijobiy hal etildi, qolganlari ham koʻrib chiqilmoqda. Bugun sayyor qabul orqali qilgan murojaatlari ijobiy yechim topgan fuqarolarning quvonchlari cheksiz.

Jumladan, “Qahramon” MFY Shukurhoji qishlogʻida yashovchi fuqaro Nodirjon Moʻminov va uning oila aʼzolari va barcha yaqinlari uchun goʻyoki, moʻjiza yuz bergandek boʻldi. Ular bu kunlarni qariyb sakkiz yil kutishdi. Nodirjon ichki ishlar idoralarida ishlab yurgan kunlarida unga nohaq ayb qoʻyilib, javobgarlik tortilgan edi. “Haqiqat egiladi, bukiladi, biroq sinmaydi” deyishadi. Bu haq gap Nodirjonning hayotida oʻz isbotini topdi. Buni qarangki, Nodirjonga qoʻyilgan barcha ayblovlar tuhmat boʻlib chiqdi va jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro viloyat sudi kassatsiya instansiyasining 2020-yil 10-martdagi ajrimi bilan uning harakatlarida jinoyat tarkibi boʻlmaganligi sababli u “aybsiz” deb topilib, oqlangan va reabilitatsiya qilingan.

Nodirjonning aybsizligi sud orqali oʻz isbotini topgach, sevgan kasbiga, xalq xizmatiga qaytish ilinjida sobiq ishxonasi tomon  yoʻl oladi. Biroq uning uzoq kutilgan istaklari amalga oshmaydi. Bu toʻgʻrida Nodirjon yuqori idoralarga koʻp bor murojaat qilgan boʻlsa-da, arzlari javobsiz qolaverdi. Nihoyat 2021-yilning 19-mart kuni Peshku tumanida sud-huquq sohasiga oid oʻtkazilgan ommaviy sayyor qabulda Nodirjon Moʻminovning murojaatiga yechim topildi. Oʻzbekiston Respublikasi IIVning 2021-yil 5-aprelda uning ommaviy sayyor qabuldagi murojaati boʻyicha bergan javob xatida uni ichki ishlar organlari kadrlari safiga tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qilingani maʼlum boʻldi.

Bu xushxabar kelgan kun N.Moʻminov oilasi uchun chinakamiga bayramga aylandi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Nodirjon hayotidagi qorongʻu kunlar ortga chekinib, haqiqat qaror topganligini bildirib Xalq qabulxonasi orqali Prezidentimiz nomlariga minnatdorchilik xati yozib qoldirdi.

Xuddi shunday jazodan ozod qilishda amaliy yordam berishni soʻragan 12 nafar mahkumning murojaatlari qabul qilindi. Jinoyat ishlari boʻyicha Romitan tuman sudi tomonidan Jinoyat Kodeksining 73-moddasiga asosan ular jazodan shartli ozod qilinib, murojaatlari qanoatlantirildi.

Shuningdek, “Qahramon” MFY Sarayon qishlogʻida yashovchi “Temir daftar”ga roʻyxatga kiritilgan fuqaro R.Muhammadova iqtisodiy tomondan oilaviy ahvoli ogʻirligi sababli moddiy yordam tayinlanishini soʻrab murojaat qilgach, unga 1 million soʻm mablagʻ ajratildi.

Gʻ.Muyasarov,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

 Romitan tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri