Mamlakatimizda aholi bilan yaqindan muloqot qilish, ularga turli huquqiy maslahatlar berish, qonunchilikdagi yangiliklardan xabardor qilish maqsadida “Adliya sayli” tadbirlari o'tkazilmoqda. Toshkent viloyati adliya boshqarmasi tomonidan “Inson qadrini ulug'lash — eng oliy saodat” shiori ostida tashkil etilgan navbatdagi tadbir Chirchiq shahridagi “Mashinasozlar” istirohat bog'ida bo'lib o'tdi. Bu haqida viloyat adliya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Saylda viloyat adliya boshqarmasi, Chirchiq shahar adliya bo'limi, FHDY bo'limi, Davlat xizmatlari markazi, notarius, advokatlar, “Istiqbolli avlod”, “Yukasalish” nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan “bepul huquqiy maslahat” burchaklari tashkil etilib, fuqarolarning muammolarini eshitish va ularni hal etish bo'yicha tegishli huquqiy-amaliy yordam ko'rsatildi.
Shu joyning o'zida sayyor davlat xizmatlari, notarial harakatlar va FHDY harakatlari amalga oshirilib, ishsizlik va jinoyatchilikning oldini olish kabi ko'plab masalalarga e'tibor qaratildi. “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning murojaatlari nazoratga olindi.
— Mamlakatimizda so'nggi yillarda keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, — deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig'ining birinchi o'rinbosari Hamdam Nazarov. — Bu esa har bir fuqarodan huquqiy bilim, huquqiy madaniyat, huquqiy savodxonlik talab etadi. Bu kabi tadbirlar orqali biz aholiga Adliya organlari hamisha ular bilan birga ekanligini his etishlariga ko'maklashamiz. Tadbir davomida malakali mutaxassislar tomonidan 43 nafar fuqarolarning muammoli masalalari bo'yicha tegishli huquqiy maslahatlar berildi.
Shu kabi tadbir doirasida “o'zimiz keldik” aksiyasi o'tkazilib, mobil avtobusda aholiga shu erning o'zida davlat xizmatlari sayyor tartibda ko'rsatildi. Xususan, davlat xizmatlari va FHDY sohasiga doir 31 ta murojaatlar qabul qilindi, 19 nafar fuqaroga sayyor xizmat ko'rsatildi, 1 ta nikoh sayyor tartibda qayd etilib, 2 nafar fuqaroning farzandlariga tug'ilganlik haqidagi guvohnomalari “Adliya sayli” tadbiri davomida rasmiylashtirib berildi.
Shu bilan birga, Yuridik texnikumi o'quvchilari tomonidan tadbir ishtirokchilarning adliya va davlat xizmatlari sohasidagi huquqiy bilimlari ham sinovdan o'tkazildi. Ular ishtirokida davlat boshqaruvi organlari va qonun hujjatlariga oid turli viktorina tarzida savol-javoblar uyushtirilib, g'oliblarga esdalik sovg'alari topshirildi.
Bundan tashqari, yoshlar va imkoniyati cheklangan shaxslarga qonunchilikda berilgan imtiyozlar, mehnat munosabatlari, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun kredit olish bilan bog'liq test savollarini muvaffaqiyatli bajargan faol yoshlar munosib taqdirlandi.
Tadbirda ishtirok qilgan aholining ma'naviy-madaniy dam olishiga ko'maklashish maqsadida koreys, tojik va boshqa madaniyat markazlari ijrosidagi kontsert dasturi barchaga ko'tarinki kayfiyat ulashdi.