Sayyor xizmat nima ekanligini kashf qildim

    Ijtimoiy hayot 17 Sentabr 2021 3054

    Tunov kuni deng, Davlat xizmatlari markazimizga nogironligi bor fuqaro nomidan uning qizi bir yillik nafaqa pullari haqidagi maʼlumotnoma olishga keldi.

    Men bunday hujjatlar faqat fuqaroning bevosita oʻziga berilishini, ikkinchi shaxsga maʼlumotnomani berib yuborishga qonunan vakolatim yoʻqligini tushuntirdim. Biroz noqulay holatga tushgan ayolning yuzidan ushbu hujjat juda muhim ekanligini angladim. Margʻiloncha lutf bilan ahvoli, oilaviy sharoiti haqida qiziqdim. Keyin bilsam, bemor uzoq yillardan buyon qand kasalligi bilan kurasharkan.

    Rasman toʻgʻri ish qilgan boʻlsam ham negadir ayolning noumid ahvolda bir nuqtaga qarab qolgani hech koʻz oʻngimdan ketmadi. Tushlikkacha mijozlar bilan ishlab ham fikrimni jamlay olmadim. Oʻsha vaziyat hayolimdan ketmadi. Ehtimol, ayol bechora markazga qanday qilib padari buzrukvorini olib kelish masalasi bilan bosh qotirgandir..., bilmadim!

    Xullas, nogironligi bor otaxonga tegishli boʻlgan bir yillik nafaqa maʼlumotnomasini qoʻltigʻimga qistirib oʻsha manzilga joʻnadim. Bordim. Koʻrdim. Sharoitlari bilan tanishdim. Haqiqatdan ham ota jiddiy bemor edi. Imkon qadar kamroq yurishga, hovlida ochiq havodan bahra olishga intilardi. Biroz suhbat qurgach, vaziyatni tushuntirdim. Maʼlumotnomani qoʻliga berdim. Bilsam uning qizi hali uyga qaytmagan ekan.

    Qaytar mahalda bemor egnimdagi rasmiy libosimga oʻzgacha ishtiyoq bilan tikilarkan, qoʻlini duoga ochdi: Shunday kunlar kelgani rost boʻlsin, davomli qilsin. Bizga chiroyli muomalada boʻlyapsiz, ilohim farzandlaringizdan yuz chandon boʻlib qaytsin...

    Yelkamdan shaxsiy masʼuliyat va yuk agʻdarilib yengil nafas oldim. Darvozadan koʻchaga otlanarkanman, bugungacha koʻrsatgan sayyor xizmatlarimiz orqali minglab, millionlab duoga ochilgan qoʻllarni his qildim. Shu kuni sayyor xizmat nima ekanligini oʻzimga qayta va qayta yana kashf qildim...

    Margʻilon shahar Davlat xizmatlari markazi xodimidan yozib olindi.