Braziliya futbol konfederatsiyasi – SBF mamlakat milliy jamoasiga bosh murabbiy qidirmoqda. Hozircha birinchi nomzod sifatida Karlo Anchelotti tanlangan. Ammo italiyalik mutaxassisning “Real” bilan amaldagi kelishuvi 2024-yilgacha ekani va uning oʻzi ham Madridda qolishni istayotgani sababli boshqa variantlar ham koʻrib chiqilyapti.
The Athletic nashri xabariga qaraganda, ikkinchi nomzod Joze Mourinyo. Sal oldinroq Yevropa futbol nashrlarida Mourinyo mavsum yakunida “Roma”dan ketishi, klub ham u bilan xayrlashishga tayyor ekanligi haqida xabarlar paydo boʻlgandi. Shunday ekan, portugaliyalik mutaxassisning Braziliyaga yoʻl olishi ehtimoldan xoli emas.
Mamlakat futboli rahbariyati bu ikki murabbiydan tashqari “Fenerbaxche” ustozi Jorje Jezush, “Fluminense” bosh murabbiyi Fernando Diniz va “Palmeyras”ni boshqarayotgan Abel Ferreyra nomzodini ham koʻrib chiqmoqda.