Qayd etilishicha, Boʻstonliq tumani Oʻzbekistondagi eng salohiyatli turizm hududlaridan biri sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Oʻtgan yili tumanga 12 million nafardan ortiq sayyoh tashrif buyurgan boʻlib, ularning qariyb 300 ming nafari xorijliklardir.
Bu koʻrsatkich hududning bugungi kundagi qabul qilish imkoniyatidan 4 barobar yuqori. Sayyohlar oqimi oʻsib borayotgani, mavjud mehmonxona va dam olish maskanlari yetarli emasligi esa qator noqulayliklarga sabab boʻlmoqda.
Oʻtgan yili Boʻstonliqda turizm eksporti 325 million AQSH dollarini tashkil etgan. Joriy yilning iyul oyiga qadar Boʻstonliqqa 230 ming xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Turizmni rivojlantirish orqali daromadlarni oshirish Toshkent viloyatining oʻsish nuqtalaridan biridir.
Shu munosabat bilan, “Sea Breeze” kurort majmuasi loyihasi doirasida Chorvoq suv ombori boʻyida 577 gektar yer maydoni va unga tutash 3 ming gektarlik hududda keng qamrovli ishlar rejalashtirilgan.
Dam olish maskanlari, choʻmilish havzalari, sport maydonchalari, savdo va servis markazlari shular jumlasidan. Shuningdek, xalqaro festivallar, konsertlar va anjumanlar oʻtkazishga xizmat qiluvchi maydonlar hamda ikki qirgʻoqni bogʻlovchi koʻprik quriladi.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida 10 mingdan ziyod ish oʻrni yaratilishi, turizm eksporti 500 million AQSH dollarga yetishi, chet ellik sayyohlar oqimi esa yiliga 5 million nafargacha koʻpayishi kutilmoqda.
“Alohida taʼkidlash joiz-ki, hudud aholisiga ochiqlik va hisobdorlikni taʼminlash maqsadida viloyat hokimligi loyiha doirasida tegishli majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi”, — deyiladi bayonotda.
Xususan, loyiha amalga oshirilishining barcha bosqichlari ekologiya, qurilish, kadastr va sanitariya sohalari boʻyicha viloyat tuzilmalari tomonidan tizimli nazoratga olinishi taʼminlanadi.
Yer uchastkalarini ajratish, ijaraga berish va qayta rasmiylashtirish boʻyicha barcha jarayonlar tasdiqlangan master-reja asosida, ekologik talablar inobatga olingan holda va ochiq monitoring sharoitida amalga oshirilishi nazorat qilinadi.
Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan tartibda yerdan foydalanish huquqiga ega boʻlgan barcha fuqarolarga kompensatsiyalar toʻlanadi.
Shuningdek, viloyat hokimligi mazkur hududda qonunbuzarlik, tabiatga zarar yetkazish yoki jamiyat manfaatlarini zid boʻlgan har qanday urinishlarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrilishini taʼminlaydi.








