“Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi”

    Markaziy Osiyoda ilk bor 3D formatda ishlab chiqilgan toʻliq metrajli animatsion film pryemera qilindi

    19-dekabr kuni Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyida “Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” keng tomoshabinlar eʼtiboriga havola qilindi.

    Animatsion film 5 yoshdan katta bolalar uchun moʻljallangan boʻlib, fantastik sarguzasht janrida, zamonaviy xalqaro animatsiya standartlari talablariga muvofiq ishlangan.

    Filmning gʻoyaviy yoʻnalishi doʻstlik, jamoaviylik, jasorat, insof, masʼuliyatni his etish, yovuzlikka qarshi birlashib kurashish va insonparvarlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni targʻib etishga qaratilgan.

    Toʻrt doʻst – Temur, Ulugʻbek, Bobur va Jaloliddin tasodifan sehrli portal orqali ixtirochi Zamonning qarorgohiga tushib qoladilar. Va ana shundan boshlab ularning Sehrlandiyaga sirli sarguzashtlarga boy sayohatlari boshlanadi. U yerda ular vaqt mashinasini oʻgʻirlab, olamga egalik qilmoqchi boʻlgan yovuz Olaboʻji hamda uning qoʻshiniga qarshi kurashadilar.

    Film qahramonlariga Abdurahim Abdukarimov (Jaloliddin), Ulugʻbek Shodibekov (Temur), Jahongir Xoʻjayev (Bobur), Badriddin Husniddinov (Ulugʻbek), Sobirjon Rahimjonov (Bobo), Shahzoda Muhammedova (Bibi), Behzod Muhammadkarimov (Zamon), Boir Xolmirzayev (Olaboʻji), Alisher Uzoqov (Boʻji) va boshqalar ovoz bergan.

    Mazkur animatsion film bolalarda ijobiy qahramonlik obrazini shakllantirish, oʻz-oʻziga ishonch, fidoyilik, ezgulikka intilish, Vatanga muhabbat va jamiyat oldidagi masʼuliyat hislarini kuchaytirishga xizmat qiladi.

    Tadbirda ijodiy jamoa, mahalliy va xalqaro media vakillari, xususan, The Walt Disney Company vitse-prezidenti, yetti karra “Emmy Award” xalqaro televizion mukofoti sovrindori Hayma Vashington, shuningdek, soha mutaxassislari, madaniyat va sanʼat namoyandalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Film yaratilishi doirasida raqamli oʻyin, bolalar uchun kitob va tematik suvenir mahsulotlari ham ishlab chiqilgan boʻlib, loyihaning kompleks targʻibot va media yoʻnalishlarini kengaytirishga xizmat qiladi.