Tarixga nazar tashlar ekanmiz, Sharq qomusiy olimlardan Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida tenglik hukm surgan davlatni fozillikka intilgan davlat sifatida qayd etgan bo‘lsa, 1791 yilda Olimpiya De Guj tomonidan tayyorlangan fuqarolik va ayol huquqi deklaratsiyasida ilk bor ayollarning erkin fikrlash va o‘z fikrini bildirish huquqiga ega ekanligi eʼtirof etilgan
So‘nggi yillarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini taʼminlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeyini yanada mustahkamlash bo‘yicha videoselektorda ham bu masalalarga chuqur urg‘u berildi va bu maqsad mamlakatimizning taraqqiyot strategiyasida eng muhim yo‘nalishlardandir.
Sport sohasida ham bu tamoyil Olimpiya xartiyasining talablaridan biridir. Olimpiya xartiyasi olimpiya harakati uchun qonunlar majmuasidir.
Xartiyaga binoan Olimpiada o‘yinlari “Haqqoniy va teng huquqli musobaqalarda butun dunyo sportchilarini birlashtirib, mamlakatlar, alohida shaxslarga nisbatan irqiy, diniy yoki siyosiy kamsitilishga yo‘l qo‘yilmaydi”.
Biron sport turining Olimpiya o‘yinlari dasturiga kirishi uchun qatʼiy mezonlar, talablar bo‘ladi. Ulardan biri sportdagi gender tenglik masalasi. Yaʼni, Olimpiya o‘yinlariga daʼvogar sport turi bilan erkaklar qatori xotin-qizlar ham teng shug‘ullanishi kerak.
Sizu bizning milliy sportimiz kurash ham Olimpiada sari odimlamoqda.
Bugun kurashimiz zamonaviy sport turi bo‘ldi. Osiyo o‘yinlaridan mustahkam joy oldi. Dunyo polvonlari “o‘rtaga”, “taʼzim”, “kurash”, “halol”, “yonbosh”, “chala”, “dakki”, “tanbeh”, “g‘irrom”, “bekor”, “teng”, “to‘xta” kabi o‘zbek so‘zlarini baralla aytmoqda.
Zamonaviy Kurash qoidalari asoschisi Komil Yusupov kurash qoidalarida Gender tengligi tamoyiliga alohida eʼtibor qaratgan.
Komil Yusupov qoidalarga erkaklar uchun 7 ta vazn toifasi kiritgan bo‘lsa, 8 ta vazn ayollar uchundir.
Kurashga xotin-qizlarni jalb etish masalasiga kelsak, muammoli masala. Bu ayniqsa, sharqona mentalitet hukmron xalqlarda juda og‘ir kechadi.
Ammo qoidalar asoschisi bularga ham yechim topdi.
Birinchidan, og‘ritish, bo‘g‘ish yoki yerda yotib kurashish kabi usullar taqiqlangan. Tizza yerga tegdimi, kurash to‘xtatiladi. Ikkinchidan, kurash yaktaklari ham mentalitetimizga xos. Sport kiyimimiz yopiq, tananing deyarli biron joyi ochiq namoyon bo‘lmaydi. Demak, kurash ayollar uchun juda mos sport turi hisoblanadi. Bunday holda xotin-qizlar ham kurash bilan teng huquqli shug‘ullanish imkoniga ega. Bu o‘z navbatida, qariyalar, bolalar uchun ham qulay va xavfsiz.
Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi “Edelweiss hotel and resorts” mehmonxonasi majlislar zalida tashkil etilgan “Kurash – Olimpiya sari. Gender tenglik” mavzusidagi seminar-trening ham yuqoridagi fikrlarning inʼikosi bo‘ldi, desak mubolag‘a qilmaymiz.
O‘zbek sporti – kurashni xotin-qizlar o‘rtasida yanada ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan seminar-treningda Respublikada faoliyat olib borayotgan ayol hakamlar, murabbiylar va kurash bo‘yicha Jahon, Osiyo chempionlari, Osiyo o‘yinlari g‘oliblari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar Parkent tuman hokimligi, prokuraturasi tomonidan tantanali kutib olindi. Seminar ishini tuman hokimi ochib berdi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Artiqova Prezidentimiz tomonidan ayollarga ko‘rsatilayotgan eʼtibor, ayniqsa, kurash sport turini rivojlantirish, gender tenglik masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Sport psixologi tomonidan o‘tkazilgan trening va kurash tarixi , falsafasi yuzasidan qilingan maʼruza Barchinoy qizlarimizni qizg‘in muhokamalarga chorladi.
Tadbir so‘nggida Jahon chempionlari bo‘lgan qizlarimiz mahorat darslarini namoyish etdi.
Tadbir ishtirokchilari bu seminarga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilganligini, ular uchun barcha sharoitlar tuman prokuraturasi tomonidan tashkil etilganligini eʼtirof etar ekanlar, bu 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni oldidan ularga berilgan hurmat ekanligini taʼkidlab o‘tdi.