Qariyb chorak asrdan ziyodroq vaqt oʻtgan boʻlsada mustaqillik tantanasi kechagidek quvonchlarimizni bezayveradi. Qalblarimizga olam olam baxt, betakror his-tuygʻularni bagʻishlayveradi. Nega bilasizmi? Chunki erkinlik, mustaqillik oʻrnini bosuvchi odamga bu qadar yoqadigan biror boshqa tuygʻu yoʻq. Hech kimga tobe va qaram emasligimizni oʻylasak entikamiz, faxrlanamiz. Axir, ne-ne ota-bobolarimiz bu kunlarni uzoq vaqt orzu qilganlar, tushlarida koʻrganlar, xayollarida gavdalantirganlar. Hatto koʻplari bu orzuga erishish yoʻlida jonlarini qurbon qilganlar. Bu yil millatimiz fidoiylari qurbonliklari evaziga kelgan qimmatbaho neʼmatimiz mustaqilligimizga 29 yil toʻlmoqda.
Xaqiqatni qoʻrqmay baralla ayta olish qanday baxt. Keling hamma narsani boricha gaplashamiz. Osmonoʻpar soʻzlarning zamoni oʻtdi. Uzoqqa bormaylik soʻngi toʻrt yil ichida roʻy bergan oʻzgarishlarni olaylik. Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻtmishda yoʻl qoʻyilgan xatolarni bartaraf etib, koʻplab tanqidlarga uchragan taqiqlarni bekor qildi, inson huquqlari va erkinliklariga doir qator amaliy chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etildi. Soʻz erkinligi va hukumat faoliyatining ochiqligi taʼminlagani, xalq qabulxonalarining tashkil etilgani, prezidentga murojaatlar tizimini fuqarolar uchun qulay shakllari ishlab chiqilgani, qoʻshni davlatlar bilan aloqalar mustahkamlangani, OAVlari xodimlari, jurnalistlar, matbuot xizmatlari, blogerlarning erkin faoliyati taʼminlangani ayniqsa, respublikaning xalqaro maydondagi imijini tubdan oʻzgartirdi.
Quruq gaplar, osmonoʻpar vaʼdalar, qogʻozdagina koʻrinadigan yutuqlar amaliy ishlarga oʻrin almasha boshladi. Nazarimda yurtimiz haqiqat tomon ildam borib, "ura-ura"chiliklar, haybarakallachiliklar barham topayotgandek!
Yutuqlarimiz haqida toʻlqinlanib gapirishim mumkin. Ayniqsa oliy taʼlim sohasining isloh qilinayotgani meni behad quvontiradi. Jahonning nufuzli oliy taʼlim dargohlarining filiallari yurtimizdagi viloyatlarda, chekka hududlarda ham tashkil etilmoqda. Boshqa mamlakatda oʻqish, oʻqishni yurtimizga koʻchirish kabi ishlar ham soddalashtirilmoqda.
Umumtaʼlim maktablarida IT xonalari tashkil etilib, zamonaviy kompyuter jihozlari bilan taʼminlanmoqda.
Umuman qaysi sohani olib qaramaylik, har birida yangicha yondashuv, yangicha munosabatlarni koʻramiz.
Yutuq va natijalarimiz tub islohotlar debochasidir. Ularni xolis va haqqoniy eʼtirof etishni matbuot xodimi sifatida vijdoniy burchim deb bilaman. Tan olishimiz kerak muammolar ham kamchiliklar ham yoʻq emas. Chunki bir qadam oldinga yurish uchun ham toʻgʻri yoʻlni tanlay bilish lozim. Eng muhimi toʻgʻri yoʻlda ekanimizdan mamnunman. Hech narsa oʻz-oʻzidan qoʻlga kiritilmaydi. Ezgu ishlar, millionlab odamlarning orzu-istaklarini roʻyobga chiqarish xamirdan qil sugʻurgandek oson ish emas. Bir narsani taʼkidlashni istardim. Oʻtgan davrda xalqimizning irodasi ham boʻy koʻrsatdi. Insonparvar siyosatimizning negizini maʼnaviy yuksalish tashkil etgani shubhasiz.
Shu oʻrinda aytish lozimki, inson manfaati ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan tub islohotlar yengil kechayotgani yoʻq. Davlat rahbarining irodasi, uyqusiz kechalari, oʻz oʻrnida qilayotgan tadbirlari evaziga yuksalib bormoqdamiz. Aslida mamlakatimizning kelajakda qanday qudratga ega boʻlishi har birimizga, orzu-intilishlarimizga va albatta dunyoqarashimizga ham bogʻliq. Oʻzgarishni oʻzimizdan boshlasakkina yuksalishga erishamiz. Ogʻir boʻlsada oʻzgarishlar zaruratdir. Mustaqillikning 29 yilligi ortga qarasangiz mohiyatan har birimizning ruhiyatimizga taskin, erkinlik, umid va ishonch olib kelayotganini koʻrasiz. Fidokor xalqimizning orzu-umidlari oʻlmasin. Eng ulugʻ bayramimiz yutuqlar va natijalarga toʻla, moʻl dasturxoni bilan kirib kelmoqda. Yomon koʻzlardan asrasin. Xaqiqatdan ham Oʻzbekistonimiz qudrat manbai, saodat maskaniga aylanmoqda.
Kamola ABDUVALIYEVA,
“Milliy tiklanish” partiyasi
Andijon viloyat Kengashi matbuot kotibi,
“Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati aʼzosi