Senatning oʻttiz toʻqqizinchi yalpi majlisida “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek mazkur Qonun bugungi kunda xotin-qizlar hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan turli xil zoʻravonlik holatlariga nisbatan qatʼiy jazo choralarini belgilash bilan bir qatorda bunday salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan.
Qonun bilan “oilaviy (maishiy) zoʻravonlik” yaʼni xotiniga yoki eriga, sobiq xotiniga yoxud sobiq eriga, bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan zoʻrovonlik uchun tegishincha maʼmuriy hamda jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Shuningdek, endilikda jinsiy zoʻravonlik, shu jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tadbiq etilmasligi belgilanib, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada ogʻirlashtirilmoqda.
Bundan tashqari, xotin-qizlarga nisbatan shahvoniy mazmundagi harakatlar sodir etganlik, taʼqib etganlik hamda ota-ona oʻz voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash borasidagi majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Qonunchilikka kiritilayotgan asosiy oʻzgartirishlardan yana biri shundaki, amaldagi qonunchilikka koʻra nomusga tegish hamda jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish kabi jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda jabrlanuvchining yoshi aybdorga ayon boʻlishi asosiy mezonlardan biri boʻlgan boʻlsa, endilikda ushbu qoida bekor qilinmoqda, yaʼni aybdorning jabrlanuvchi yoshini bilmasligi uni Jinoyat kodeksi moddalarining tegishli qismlarida nazarda tutilgan javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlikni sodir etgan shaxslarning bolalarga taʼlim, tarbiya berish, shuningdek bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shugʻullanishini taqiqlash hamda bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning roʻyxatini yuritish koʻzda tutilmoqda.
Qonun bilan quyidagi jinoyatlar uchun jazo choralari ogʻirlashtirilmoqda:
Ayolni oʻz homilasini sunʼiy ravishda tushirishga majburlash (115-modda);
➖ taklif etilmoqda: 60 mln soʻmgacha jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari
yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
➖ amalda: 15 mln soʻmgacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari)
Nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish (118, 119-moddalar);
➖ taklif: 1-qismi 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2-qismi 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish;
➖ amalda: 1-qismi 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2-qismi 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish).
Shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish (121-modda);
➖ taklif: 1-qismi 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish; 2-qismi 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish, ogʻirlashtiruvchi holatlarda 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosi.
➖ amalda: 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari)
16 yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish (128-modda);
➖taklif: 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish. Ogʻirlashtiruvchi holatlarda – 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi;
➖ amalda: 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash
yoxud ozodlikdan mahrum qilish)
16 yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish (129-modda);
➖ taklif: 1-qismi 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish; 2-qismi 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish. Agar oʻsha harakatlar zoʻrlik ishlatib yoki qoʻrqitib sodir etilgan boʻlsa – 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi;
➖amalda: 1-qismi 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari; 2-qismi 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari)
Pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish (130-modda);
(taklif: 3-qism (voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etish)
➖ 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish;
➖ amalda: 3-qism (voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etish) 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.