Shunga qaramay, yaqinda nishonlangan Yangi yil bayrami arafasida mamlakatning barcha hududlarida boʻlgani kabi Toshkent shahrida ham pirotexnika vositalaridan keng koʻlamda foydalanildi. Bu, oʻz navbatida, aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻldi.

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Q.Burxonov Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi raisiga senator soʻrovini yubordi.

Unda pirotexnika vositalari bilan bogʻliq holatlardan, ayniqsa, keksalar, bemorlar, yosh bolalar va boshqa toifadagi fuqarolarning bayram kunlari tinchligi buzilgani, bu holat ijtimoiy tarmoqlarda koʻp muhokama etilib, foydalanuvchilarning bojxona organlariga eʼtirozlari bayon qilingani aytib oʻtildi.

Shuningdek, soʻrovda bojxona organlari tomonidan pirotexnika vositalari bilan bogʻliq koʻplab qonunbuzarliklar bartaraf etilgani haqida OAV orqali chiqishlar qilingani, Yangi yil bayrami kechasida esa bunday choralar kutilgan samarani bermagani qayd etildi.

Shulardan kelib chiqib, senator Bojxona qoʻmitasi raisidan pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda mamlakatimizga olib kirish va olib chiqish yoki oʻtkazish bilan bogʻliq salbiy holatlar nima sababdan toʻliq bartaraf etilmayotgani, mazkur vositalarning noqonuniy aylanishiga qanday omillar sabab boʻlayotgani yuzasidan maʼlumot taqdim etishini soʻragan.

Shu bilan birga, qonunchilikda bu borada qanday boʻshliqlar mavjudligi, qayd etilgan qonunbuzarliklarni toʻliq bartaraf etish boʻyicha bojxona organlari tomonidan tezkor ravishda amalga oshiriladigan choralar haqida maʼlumotlar, shuningdek, Oliy Majlis Senatiga tegishli takliflar taqdim etish soʻraldi.