Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti va IIV oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

    Mamlakatimizda 12 Aprel 2022 2835

    Bugun, 12-aprelda Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti va Ichki ishlar vazirligi hamkorligini samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Hamkorlikka yoʻl boshlab beruvchi mazkur tadbirda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Dilorom Tashmuhammedova, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Mohistara Muhammadyunusova va boshqa aʼzolari, IIV vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirni Dilorom Tashmuhammedova kirish soʻzi bilan ochib berdi. Senatorning soʻzlariga koʻra, mazkur memorandum kelgusida yoshlar masalalari boʻyicha amalga oshiriladigan islohotlar va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashda Ichki ishlar vazirligi tizimidagi yosh xodimlar bilan Yoshlar parlamenti aʼzolari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlab, kelgusidagi ishlar samaradorligini oshirishda oʻzaro reja va maqsadlarni muvofiqlashtirishda oʻziga xos ahamiyat kasb etadi.

    Tadbir davomida Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Mohistara Muhammadyunusova ham soʻzga chiqib, Ichki ishlar vazirligi tizimidagi yosh xodimlarning mamlakat taraqqiyoti, uning ertangi kuni uchun oʻz hissalarini qoʻshishda mazkur memorandum va qoʻshma dasturlar alohida ahamiyat kasb etishini aytib oʻtdi.

    Hamkorlik memorandumidan tashqari tadbir davomida 5 ta muhim yoʻnalishlar, gender tenglik va xotin-qizlar, ilm-fan, madaniyat va kitobxonlik, raqamli texnologiya va innovatsiyalar, yoshlar huquqlari va qonunchilik hamda turizm, sport, sogʻlom turmush va ijtimoiy himoya yoʻnalishlari boʻyicha ham yillik qoʻshma dastur ham imzolandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.