Joriy yil 21-noyabrda Oliy Majlis Senati tashabbusi bilan “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlikda aholiga transport xizmatlarini koʻrsatish sohasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, muammo va kamchiliklar yuzasidan jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.

Unda Senat aʼzolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, vazirlik va idoralar, ekspert va mutaxassislar, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Transport vazirligi maʼlumotiga koʻra Internet jahon axborot tarmogʻida Toshkent shahrida avtobuslarning harakat nuqtasini kuzatish maqsadida “Toshkent transporti” mobil ilovasi ishga tushirilgan.

Shu bilan birga, aholiga qulaylik yaratish maqsadida jamoat transportlarining oraliq intervallari qisqartirilib, zamonaviy yangi metro bekatlari foydalanishga topshirilgan. Avtobuslar harakati uchun alohida yoʻlaklar tashkil etilgan hamda avtomatlashtirilgan toʻlov tizimlari joriy etilgan.

Oʻtgan vaqt davomida xalqaro va mahalliy havo yoʻnalishlarida yoʻlovchi va yuklarni tashish sertifikatiga ega boʻlgan “Qanot sharq”, “Panorama airways”, “Humo air”, “Centrum air”, “Silk avia”, “Asia Union Airlines” va “Tashkent air” kabi aviakompaniyalar tashkil etilgan hamda xalqimizga xizmat koʻrsatishni boshlagan.

Munozaralar jarayonida sohada amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, aholiga transport xizmatlarini koʻrsatish sohasida oʻz yechimini kutayotgan bir qator masalalarga ham eʼtibor qaratildi.

Jumladan, Oʻzbekiston isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi maʼlumotlariga koʻra transport xizmatlarini koʻrsatishda kamchiliklar boʻyicha aholi tomonidan 252 ta murojaat kelib tushgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlari hududlarida jamoat transportlarida avtomatlashtirilgan toʻlov tizimlari joriy etilmagan.

Bundan tashqari, yoʻlovchi tashuvchi jamoat transportlari, avtoshohbekatlarda nogironligi bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun avtotransport vositalariga chiqish uchun maxsus moslamalarning oʻrnatilmaganligi, temir yoʻl xizmatlari koʻrsatishda kamchiliklar mavjudligi jamoatchilik va aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlyapti.

Muhokamalar jarayonida Senat aʼzolari, deputatlar hamda jamoatchilik vakillari tomonidan aholiga koʻrsatilayotgan transport xizmatlarini yanada takomillashtirish uchun zarur choralar koʻrilishi yuzasidan aniq taklif va tegishli tavsiyalar berildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.