Senat Qoʻmitasi qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilishni qoʻllab-quvvatladi

    2024-yil 19-aprelda Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda senatorlar, masʼul vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat Kengashlari doimiy komissiyalari vakillari, ekspertlar, Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

    Majlisda ishtirokchilar navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan masalalarni, jumladan “Sanoat namunalarini xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Gaaga bitimining Jeneva aktiga (1999-yil 2-iyul, Jeneva) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi haqida”gi hamda “Ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlari huquqlarini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani (Rim, 1961-yil 26-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlarni muhokama qildi.

    Senatorlar Oʻzbekistonning Gaaga bitimining Jeneva aktiga qoʻshilishi oʻz sanoat mahsulotlarini, birinchi navbatda, tashqi bozorlarda ilgari surishdan manfaatdor boʻlgan subyektlarga mavjud milliy tizimlarga qaraganda sanoat namunalarini roʻyxatdan oʻtkazishning soddalashtirilgan tartib-taomilini olish imkonini berishini taʼkidladi.

    Muhokama davomida ushbu bitim mamlakatimizning jahon texnologiya bozorida oʻz taʼsirini oshirish imkonini berishi, xalqaro imijiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi hamda Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish yoʻlidagi muhim qadam boʻlishi alohida taʼkidlandi.

    “Ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlari huquqlarini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani (Rim, 1961-yil 26-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ahdlashuvchi davlatlarda ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlarining intellektual huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.

    Xususan, Konvensiyani ratifikatsiya qilgan tomonlar ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlari huquqlarini himoya qilishni taʼminlashning milliy rejimini taqdim etishi belgilangan.

    Mazkur Qonun imzolangandan soʻng Oʻzbekiston turdosh huquqlar sohasidagi xalqaro standartlarni joriy etish boʻyicha majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi, bu esa bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishga va mamlakatimizning investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirishga xizmat qiladi.

    Senatorlar milliy qonunchilikning mazkur xalqaro hujjatlar qoidalariga muvofiqligini, ularni ratifikatsiya qilishdan kutilayotgan natijalarni, shuningdek, uni keyinchalik implementatsiya qilish mexanizmlarini atroflicha muhokama qildi.

    Qonunlar Qoʻmita tomonidan Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritish uchun tavsiya etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.