Tadbirda YeOGga aʼzo davlatlar, shuningdek, kuzatuvchi davlatlar Eron, AQSh, Italiya va Mongoliya hamda BMT, YeXHT, SHHT, Jahon banki, Moliyaviy monitoring boʻyicha guruh (FATF) kotibiyati vakillari ishtirok etdi.
Yalpi majlisda YeOGning Nizomiga doir hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi bayonnomani imzolash, guruhga aʼzo davlatlarning parlament, moliya va bank tizimlari boʻyicha maslahat kengashlarini tashkil etish va boshqa masalalar muhokama etildi.
Jumladan, majlisda YeOG Kotibiyatining guruhga aʼzo davlatlar yuqori mansabdorlari hamkorligini mustahkamlash boʻyicha konseptual takliflari muhokama etildi. Takliflarda YeOGga aʼzo davlatlar parlamentlari ham doimiy ishtirok etishlari, qonun ijodkorligi boʻyicha tajriba almashuvini taʼminlash, ushbu sohadagi qonunlarni takomillashtirish, ayniqsa, jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlarni ishlab chiqish choralari belgilangan.
Muhokamalarda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi N.Umarov ham qatnashib, YeOGga aʼzo davlatlar parlamentlari oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish jinoyatchilikka, shu jumladan jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boʻyicha qonunlarni takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega ekanligini, Oliy Majlis Senati oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdorligini taʼkidladi.
Tadbir davomida 2020-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini oʻzaro baholash hisoboti tashqi ekspertlar, xorijiy davlatlarning tahlilchi va mutaxassislari ishtirokida muhokama qilinib, yakuni boʻyicha hisobot tasdiqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.