Qayd etilganidek, Davlat dasturi «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan islohotlarni samarali amalga oshirish, xalqimiz farovonligiga erishish, «yashil iqtisodiyot» tamoyillariga asoslangan iqtisodiy o‘sish, ekologik holatni yaxshilash, suv va boshqa tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Davlat dasturi loyihasida mamlakatimizda ekologik barqarorlikka erishish, «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish, tarmoq va sohalarning uyg‘un «yashil transformatsiya»sini amalga oshirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish hamda aholining yashash sifatini yaxshilash va iqtisodiy o‘sishning yangi, «yashil rivojlanish» modeliga o‘tish bo‘yicha ko‘plab muhim vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Xususan, ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekish va respublikada yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, 1 984 ta yashil bog‘lar barpo etish, 112 ta yirik sanoat korxonasi tomonidan o‘z va tutash hududlarida uch yil davomida 30 million tup ko‘chatdan iborat «yashil belbog‘»lar barpo etish ko‘zda tutilgan.
Respublikada ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, inson hayotiga ta'sir o‘tkazuvchi ekologik muammolarni bartaraf etish yuzasidan 14 ta hududda ekologik toza hudud rejimini joriy etish belgilanyapti.
«Yashil energiya» texnologiyalarini keng joriy etish doirasida nasos stansiyalarining elektr energiyasi iste'molini kamaytirish, energiya tejamkor qurilmalar o‘rnatish, nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, ularning yillik elektr energiyasi iste'molini 30 foizga kamaytirish nazarda tutilyapti.
Respublikada o‘rmon bilan qoplangan maydonlarni 6,1 million gektarga, Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlarni 2,3 million gektarga yetkazish hamda biologik xilma-xillik ishonchli saqlanishini ta'minlash yuzasidan 2 mln gektar hajmda tabiiy yaylovlar va pichanzorlar o‘simliklarini geobotanik tekshirishni har yili amalga oshirish belgilanmoqda.
Atmosferaga chiqarib tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini 10,5 foizga kamaytirish hamda 249 ta sanoat korxonalarida lokal oqova tozalash inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Senatorlar tomonidan bugungi kunda butun dunyoda dolzarb bo‘lib borayotgan suv tanqisligining oldini olish, suvdan oqilona foydalanish madaniyatini va suv ishlatish samaradorligini oshirish borasida dastur loyihasida belgilangan vazifalar muhimligi ta’kidlandi.
Xususan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suv tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlarning umumiy maydonini 2 million gektargacha hamda suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarning yillik quvvatini 300 ming gektarga yetkazish nazarda tutilgan, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Qizg‘in muhokama jarayonida senatorlar, ekspertlar hamda mutaxassislar tomonidan Davlat dasturi loyihasiga bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.