Tadbirda senatorlar, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar kengashi aʼzolari, qator tegishli vazirlik va idoralar vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Hisobot davri qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyati, parlament diplomatiyasini samarali targʻib etish boʻyicha eng faol davrlardan biri boʻlgani alohida taʼkidlandi.

Jumladan, 2022-yilda Qoʻmita tomonidan 9 ta qonun koʻrib chiqilib, Senat yalpi majlislari muhokamasiga kiritilgani, qator muhim xalqaro bitim va shartnomalar ratifikatsiya qilingani qayd etildi. Senatorlar davlat chegarasi va transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish bilan bogʻliq masalalarni uzil-kesil tartibga solish yoʻlida muhim qadam boʻlgan Qirgʻiziston bilan davlat chegarasining ayrim uchastkalarini delimitatsiya qilish toʻgʻrisidagi shartnoma va Andijon (Kampirobod) suv ombori toʻgʻrisidagi bitim ratifikatsiya qilinishining ahamiyatini alohida taʼkidladi.

Xalqaro mehnat tashkilotining qurilishda xavfsizlik va mehnat gigiyenasi toʻgʻrisidagi 167-sonli konvensiyasining ratifikatsiya qilinishi milliy qonunchilikni takomillashtirishga, qurilish sohasida xavfsizlik va mehnat gigiyenasi boʻyicha xalqaro standartlar samarali joriy etilishini taʼminlashga koʻmaklashdi.

Izmir shartnomasining ratifikatsiya qilinishi Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo boʻlish uchun huquqiy asos yaratdi.

2022-yilda Qoʻmita tomonidan 10 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazildi. Ularda asosiy eʼtibor savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va eksportni kengaytirish yoʻlidagi mavjud toʻsiq va gʻovlarni bartaraf etishga qaratildi. Jumladan, Qoʻmita tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining oliy darajadagi tashriflar yakunlari boʻyicha imzolangan “yoʻl xaritalari”ni amalga oshirish holati toʻgʻrisidagi axboroti muntazam ravishda tinglandi.

Oʻzbekiston Respublikasining barcha diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ular biriktirilgan hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarida ishlar samaradorligi toʻgʻrisidagi hisobotlari eshitildi.

Hududlar bilan oʻzaro hamkorlik, ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga koʻmaklashish boʻyicha Qoʻmitaning yangi yondashuvlari qatorida tadbirkorlik subyektlarini oʻylantirayotgan eng dolzarb muammolarni joylarda oʻrganish tashkil etildi. Misol uchun, mazkur oʻrganishlar yakunlari boʻyicha Qoʻmita tomonidan Fargʻona viloyatida xalqaro, hududlararo transport yoʻlaklarini, turizm infratuzilmasini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etish boʻyicha Transport vazirligining axboroti tanqidiy ruhda eshitildi.

Qoʻmitaga kelib tushgan fuqarolarning koʻplab murojaatlari asosida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi faoliyati yuzasidan hisobot tinglandi.

Qoʻmita tomonidan Parlament diplomatiyasi konsepsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro tashabbuslarini xalqaro maydonda targʻib etish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik boʻyicha guruhlarning 30 dan ortiq majlislari oʻtkazildi. Xalqaro parlamentlararo tashkilotlar – Parlamentlararo ittifoq (PA), YEXHT Parlament Assambleyasi (YEXHT PA), MDHga aʼzo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi (MDH PA) bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritalari” qabul qilindi.

Fuqarolar bilan muloqot qilish davom ettirildi. 2022-yilda Qoʻmita aʼzolari tomonidan 3 mingga yaqin murojaat koʻrib chiqildi, fuqarolar ishtirokida 3 137 ta sayyor va shaxsiy qabul tashkil etildi. Murojaatlarning katta qismi ijobiy hal etildi.

Respublika hududlarini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq Qoʻmita xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan izchil hamkorlikni davom ettirdi. Ularning takliflari asosida mamlakatimiz aholisini oʻylantirayotgan bir qator dolzarb masalalar yuzasidan muhokamalar tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.