Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Majlisda Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisida koʻrib chiqiladigan masalalar dastlabki tarzda muhokama etildi. Jumladan, senatorlar 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil I choragidagi ijrosi yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasining hisobotini atroflicha koʻrib chiqdilar.

Davlat dasturini ijro etish maqsadida tashqi siyosat sohasida 130 dan ortiq tashriflar, uchrashuvlar, onlayn muzokaralar, davra suhbatlari yuqori darajada tashkil etildi.

Oʻzbekiston MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti kabi mintaqaviy tashkilotlardagi faoliyatini kuchaytirdi. Mazkur tashkilotlar bilan hamkorlikda siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda 40 dan ortiq tashriflar, uchrashuvlar, davra suhbatlari va yuqori darajadagi taqdimotlar oʻtkazildi.

Investitsiyalar sohasida yanvar-mart oylarida 2,448 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi. Eksport qiluvchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 307 ta korxonaga eksportga yoʻnaltirilgan savdo operatsiyalari va eksportdan oldin moliyalashtirish kreditlari uchun 172 million dollar ajratildi.

Shu bilan birga, senatorlar “iqtisodiy diplomatiya” chora-tadbirlari hamda hamkor davlatlar bilan mintaqalararo hamkorlik kelishuvlari va loyihalari samaradorligini taʼminlash muhimligini taʼkidladilar.

Bundan tashqari, senatorlar Oliy Majlis Senatining boʻlajak yalpi majlisida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan qonunlarni ham koʻrib chiqdilar. Xususan, Qoʻmita faoliyatidan kelib chiqib, “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.

Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.