Senat Raisi BMT Bosh kotibining yoshlar masalalari boʻyicha yordamchisini qabul qildi

    Joriy yil 15-mayda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayevaning BMT Bosh kotibining Yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari, BMT Yoshlar byurosi rahbari Felipe Pauler bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, yoshlar parlamentlari oʻrtasida xalqaro muloqotni kuchaytirish, ekologiya, sunʼiy intellekt va raqamli taʼlim sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan aniq taklif va tashabbuslar bildirildi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2026-yilda Samarqand shahrida Yosh parlament aʼzolarning xalqaro forumini yuqori saviyada tashkil etish borasida hamkorlik qilish hamda unda BMT Bosh kotibining yoshlar masalalari boʻyicha yordamchisi muhim tashabbuslar bilan ishtirok etish taklif etildi.

    Uchrashuvda BMT “Yoshlar – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, uning doirasida yoshlarga oid masalalarni ilgari surishdagi ustuvorliklar muhokama etildi.

    Shuningdek, Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish borasidagi asosiy yoʻnalishlar, tub islohotlar va amaliy natijalar keng yoritildi. Xususan, mamlakat aholisi tarkibida yoshlarning ulushi 55 foizdan oshganini inobatga olib, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangani taʼkidlandi.

    Doʻstona va amaliy ruhda kechgan muloqot yakunida Oʻzbekiston va BMT oʻrtasida barcha sohalarda oʻzaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.