Senat Raisi: Haligacha muammo va kamchiliklar mavjudligi tufayli Davlat dasturi boʻyicha qilingan koʻplab ishlar koʻrinmayapti

    Mamlakatimizda 30 Iyul 2021 580

    Oliy Majlis Senatining oʻn yettinchi yalpi majlisida eshitilgan Davlat dasturining ijrosi boʻyicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti keng muhokama qilindi. Xususan, Senat Raisi T.Narbayeva mazkur masala boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.

    – Haligacha muammo va kamchiliklar mavjudligi tufayli Davlat dasturi boʻyicha qilingan koʻplab ishlar koʻrinmayapti, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Xususan, bajarilmagan bandlar koʻproq ijtimoiy soha bilan bogʻliq boʻlyapti. Shu sababli Davlat dasturidagi muddatida bajarilmagan bandlar boʻyicha tegishli normativ-huquqiy hujjatlar oʻz vaqtida qabul qilinmayotgani masalasini oldin ham bir necha marotaba muhokama qilganmiz. Lekin shu paytgacha bu borada jiddiy oʻzgarish sezilmayapti. Shuning uchun ham belgilangan vazifalar ijrosi toʻxtab qolyapti.

    Ayniqsa, “Obod mahalla”, “Obod qishloq” kabi muhim dasturlarning tegishli hududlarda ijro etilishi holati mahalliy Kengashlarda ham muhokama qilinishi kerak. Bu jarayonda mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari faol boʻlishi, har bir masalaga doir real holatni chuqur tahlil qilgan holda hududiy ijro tuzilmalari oldiga vazifalar qoʻyishi zarur.

    Oʻzbekiston Respublikasi
    Oliy Majlisi Senatining
    Axborot xizmati