Senat Raisi Jeneva shahrida BMT Bosh kotibi oʻrinbosari bilan uchrashuv oʻtkazdi

    Xalqaro hamkorlik 25 Mart 2024 484

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi Parlamentlararo ittifoqning 148-Assableyasida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Shveysariyaning Jeneva shahrida boʻlib turibdi.

    Tashrif doirasida Senat Raisi Tanzila Narbayeva BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, BMTning Jenevadagi boʻlimi bosh direktori Tatyana Valovaya bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi samarali hamkorlikning turli yoʻnalishlari, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, gender tenglikni taʼminlash borasida qoʻshma dastur va loyihalarni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

    Oʻzbekiston bilan BMT oʻrtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilib, 140 ga yaqin dastur va loyihalar amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.

    T. Valovaya Oʻzbekistonning BRMni amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi. Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan Osiyo xotin-qizlar forumi doirasida “2030-yildan keyin barqaror rivojlanish strategiyasi” mavzusida yordamchi tadbir tashkil etish imkoniyati haqida oʻz fikrini bildirdi. Uning bildirishicha, Samarqand forumi ayol deputatlar uchun 17 maqsadni 2030-yildan keyin ham amalga oshirish boʻyicha oʻzaro fikr almashish va tavsiyalar ishlab chiqish uchun oʻziga xos platforma boʻlib xizmat qiladi.

    Uchrashuvda shuningdek, inson huquq va erkinliklarini, gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

    Yakunda muloqotni tizimli davom ettirish, hamkorlikdagi loyihalarni kengaytirish orqali hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.