Farmonga muvofiq, byudjetdan qo‘shimcha 2 trln. so‘m ajratilib, ushbu mablag‘lar 1 mln. 700 ming nafar yordamga muhtoj aholi, 3 mln. 700 ming nafar pensioner va joriy yil yakuniga qadar 500 ming nafar ijtimoiy nafaqa oluvchilarga yo‘naltirilishi belgilangan. Umuman olganda, ijtimoiy nafaqa oluvchilarning umumiy sonini ikki barobarga ko‘paytirib, joriy yil yakuniga qadar 1,2 millionga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Parlament yuqori palatasining oltinchi yalpi majlisida Senat Raisi T.Narbayeva o‘z nutqida mazkur yo‘nalishda uchrayotgan ayrim muammolarga e’tibor qaratdi.

– Amaliyotda ko‘rdikki, ajratilgan mablag‘larni taqsimlash jarayonida ayrim hududlarda noroziliklar yuzaga keldi, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Odamlar “temir daftar”ga haqiqatda kambag‘al va ko‘makka muhtoj oilalar chetda qolib, yetarlicha daromadga ega bo‘lganlar kiritilganidan shikoyat qilmoqda. Tizimda ochiqlik, shaffoflik yo‘q.

Davlatimiz rahbari bejiz 4 avgustdagi yig‘ilishda tizim mutasaddilari faoliyatini tanqid qilmadi. Bu borada Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tizim faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqishi kerak. Negaki, odamlar ko‘proq mahalla tizimi vakillarining noxolisligidan shikoyat qilishmoqda. Prezidentimiz mahalla tizimi obro‘sini ko‘tarish, xalqqa yanada yaqinlashtirish bo‘yicha barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib berdilar. Shunga qaramay, ayniqsa, quyi bo‘g‘inlar  eskicha ish uslubidan voz kecha olmayapti. Mahalla idoralari xodimlarining dunyoqarashi o‘zgarmayapti. Ularda aholi bilan ishlash, konstruktiv muloqot qilish ko‘nikmalari yetishmaydi. Bu esa aholining haqli e’tirozlari ko‘payishiga olib kelmoqda. Odamlarning mahalla idoralariga bo‘lgan ishonchi va hurmatiga putur yetyapti.

Har bir hududda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilgan. Afsuski, mazkur o‘quv kurslari faoliyati hali talabga javob bermaydi. Shu bois, vazirlik tegishli idora va tashkilotlar bilan birgalikda tizim faolyatini bugungi kun talablari asosida takomillashtirish bo‘yicha ishlarni kuchaytirishi kerak. Ayniqsa, mahalla idoralari vakillarining malakasini oshirish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiq.

Shuningdek, “Temir daftar”ni shakllantirish va yuritish tizimi ochiq, shaffof bo‘lishi, tizimga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish muhim hisoblanadi. Ayniqsa, davlat tomonidan muhtoj oilalar uchun ajratilgan mablag‘larni taqsimlash jarayonida inson omilini maksimal darajada kisqartirish bugungni kun talabi.