Senat Raisi Qatarda oʻtkazilgan BMTning yuqori darajadagi konferensiyasida ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 7 Mart 2023 791

    Qatarning Doha shahrida BMTning kam rivojlangan mamlakatlar (KRM) boʻyicha yuqori darajadagi 5-konferensiyasi boʻlib oʻtyapti.

    Xalqaro yordamga eng muhtoj boʻlgan kam rivojlangan mamlakatlarda oʻz salohiyatini toʻliq ishga solish orqali barqaror rivojlanishni jadallashtirishga qaratilgan anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, hozirgi vaqtda 46 mamlakat kam rivojlangan mamlakatlar toifasiga kiritilgan, ulardan 33 tasi Afrika davlatlari hisoblanadi. Ushbu roʻyxat aholi jon boshiga yalpi milliy daromad, inson taraqqiyoti indeksidagi oʻrni, iqtisodiy va ekologik zaiflik indeksidagi oʻrni kabi mezonlar asosida har yili yangilanadi.

    Taʼkidlash kerak, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda Oʻzbekiston boy tajribaga ega. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha oʻziga xos yoʻliga asos solindi. Mazkur jarayonga davlat hokimiyatining barcha tarmoqlari bevosita jalb etildi. 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar belgilandi. Mana shu maqsadlar ijrosi bilan bogʻliq ravishda 2030-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan 125 ta vazifa tasdiqlangan.

    Doha konferensiyasi ishtirokchilari 2011-yilda qabul qilingan Istanbul harakatlar dasturi qoidalarini baholash, kam rivojlangan mamlakatlarni xalqaro qoʻllab-quvvatlash va bu jarayonga qoʻshimcha harakatlarni jalb etish masalalarini muhokama qilyapti. Shuningdek, kam rivojlangan mamlakatlar va ularning rivojlanish boʻyicha hamkorlari oʻrtasida tarkibiy rivojlanish muammolarini va qashshoqlikni bartaraf etish, xalqaro miqyosda kelishilgan barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va kam rivojlangan mamlakatlar toifasidan chiqishni taʼminlashga eʼtibor qaratilyapti.

    Tadbirda konferensiya Prezidenti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi, Bosh Assambleya raisi, Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash raisi, kam rivojlangan mamlakatlar guruhi raisi, rivojlanish boʻyicha hamkorlar vakillari va kam rivojlangan mamlakatlar yoshlari vakillari bayonotlar bilan chiqdi.

    Anjumanda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva COVID pandemiyasi, tobora keskinlashib borayotgan global ziddiyatlar, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi tahdidlari, iqlim oʻzgarishining fojiaviy oqibatlari Barqaror rivojlanish maqsadlarining toʻliq bajarilishini yanada qiyinlashtirayotganiga urgʻu berdi. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, kam rivojlangan mamlakatlarning sanoat va xizmatlar tarmoqlariga kiritilayotgan investitsiyalar hajmini keskin koʻpaytirish, bu borada UNCTAD va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda investitsiya loyihalarining yagona bazasini va onlayn-xaritasini shakllantirish, ularning taqdimotlarini dunyo miqyosida muntazam oʻtkazib borish, muhtoj davlatlar tashqi bozorlarga chiqishida zamonaviy standartlar, karantin va sanitariya talablarini bajarish, elektron savdo tizimlarini rivojlantirishda har tomonlama amaliy koʻmak berish, kam rivojlangan mamlakatlarni arzon va sifatli qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash kabi takliflarni ilgari surdi.

    2022-yil 17-martda Nyu-York BMTning kam rivojlangan mamlakatlar boʻyicha konferensiyasining birinchi qismi yakunlari boʻyicha 2022-2031-yillar uchun kam rivojlangan mamlakatlar uchun Doha Harakatlar Dasturi maʼqullangan edi.

    DHDning yakuniy matni BMT Bosh Assambleyasining 2022-yil 1-apreldagi rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan.

    Kam rivojlangan mamlakatlar va ularning rivojlanish boʻyicha hamkorlari, jumladan xususiy sektor, fuqarolik jamiyati va barcha darajadagi hukumatlar oʻrtasida yangilangan va mustahkamlangan majburiyatlarning yangidan shakllanishini maqsad qilgan DHDning yakuniy matni BMT Bosh Assambleyasining 2022-yil 1-apreldagi rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan edi. Anjumanda ushbu dasturning amaliy ijrosini taʼminlash masalalari ham muhokama etilyapti.

    Konferensiya yuqori darajadagi tematik davra suhbatlarini ham oʻz ichiga olgan boʻlib, har bir sessiyaning qisqacha mazmuni konferensiyaning yakuniy hisobotida oʻz aksini topadi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.