Parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbayeva oʻz nutqida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda “Sardoba” suv omboridagi texnogen falokat oqibatlarini bartaraf etish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlarga urgʻu berdi.
– Albatta, islohotlar oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq, ulkan yutuqlarga osonlik bilan erishilmayapti, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Ayniqsa, bu yil ogʻir keldi. Butun jahonda kuzatilgani kabi mamlakatimizda ham pandemiya va uning ortidan kelgan global iqtisodiy inqiroz tashvishlarga sabab boʻldi.
Buning barobarida, “Sardoba” suv omborida yuz bergan halokat va uning oqibatlari nafaqat sirdaryoliklar, balki butun xalqimizni tashvishga soldi. Albatta, ushbu favqulodda va texnogen holatlar oqibatlarini bartaraf etish va kelgusida ularning oldini olish boʻyicha davlat rahbari va hukumat darajasida barcha zarur choralar tezkorlik va qatʼiyatlik bilan amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, jabrlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash ishlari umumxalq harakati tusini oldi. Bu borada “Sardobaga yordam” aksiyasi ham xalqimizni yana-da jipslashtirdi.
Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbari tomonidan bu boradagi vazifalar ijrosi nazoratga olingan. Albatta, “Sardoba suv ombori”da yuzaga kelgan holat sabablari, kerak boʻlsa, sababchilari aniqlanadi va qonuniy baho beriladi. Bunga hech qanday shubha boʻlmasligi kerak. Biroq hayot davom etmoqda, hozir jabrlangan aholini qoʻllab-quvvatlash, odamlarni rozi qilishga koʻproq eʼtibor qaratish zarur.
Senat hududlar palatasi sifatida kelib tushayotgan koʻplab murojaatlar, olib borilgan oʻrganish va tahlillar bu borada eʼtibor qaratish lozim boʻlgan qator muammolarga befarq qaray olmaydi. Shu nuqtayi nazardan, Senat tomonidan ishchi guruh tuzilib, “Sardoba suv ombori” toʻgʻonida yuzaga kelgan texnogen hodisa oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holati oʻrganildi. Odamlar bilan bevosita muloqot qilish asnosida qator muammolar aniqlandi. Ularning koʻplari joyida hal etildi.
Xususan, Ishchi guruh saʼy-harakatlari bilan hududda amalga oshirilayotgan ishlar uchun ajratilgan mablagʻlar undirib berildi.