Senat Raisi Turkiyaning oila ishlari va ijtimoiy taʼminot boʻyicha vaziri bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 15 Mart 2024 408

    Oliy Majlis Senati Raisi Т.Нарбаева Nyu-York shahriga amaliy tashrifi davomida Turkiyaning oila ishlari va ijtimoiy taʼminot boʻyicha vaziri Maxinur Ozdemir Gyoktash bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Davlatlarimiz rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli bugun Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi qardoshlik munosabatlari oʻzaro ishonch asosida rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi.

    Muloqot chogʻida gender tenglikni taʼminlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari bilan ishlash borasida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama etildi.

    Ayollarga nisbatan va oiladagi zoʻravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida tashkiliy-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha tajriba almashish maqsadida Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi bilan Turkiya parlamentining Ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar qoʻmitasi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish taklifi ilgari surildi.

    Konstruktiv va amaliy ruhda oʻtgan uchrashuv yakunida xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish borasida qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.