Jahon hamjamiyatining eʼtiborini tortgan sessiya munozaralarida dunyo miqyosida ijtimoiy va mehnat munosabatlarini rivojlantirishga yangi strategik yondashuvlar, global tashabbuslar muhokama qilindi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva konferensiyaning yalpi sessiyasidagi nutqida xalqaro hamjamiyatni Oʻzbekistonda ijtimoiy adolatni taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar bilan tanishtirdi.

Aynan ushbu masala Xalqaro mehnat konferensiyasi joriy sessiyasining asosiy mavzusi boʻldi. Xususan, Oʻzbekistonda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada davlatning fuqarolar oldidagi qator ijtimoiy huquq va majburiyatlari mustahkamlangani taʼkidlandi.

– Ijtimoiy adolat nafaqat axloqiy mezon, balki milliy barqarorlik va farovonlikning asosidir. Biz munosib mehnat milliy dasturlarini ilgari surish, ijtimoiy muloqotni rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, bandlik va mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yetakchi hisoblangan XMT bilan hamkorlikni yuksak qadrlaymiz va XMT Bosh direktorining tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanish sharti sifatida Ijtimoiy adolat koalitsiyasini tashkil etish tashabbusini qoʻllab-quvvatlaymiz. Ishonchimiz komilki, XMT tashabbusi bilan Oʻzbekistonning mazkur Koalitsiyaga birinchilardan boʻlib kirishi mamlakatdagi investitsiyaviy muhitni yaxshilash, iqtisodiyot va biznesni rivojlantirish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari bilan mehnat va ijtimoiy adolat masalalari boʻyicha hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Eslatib oʻtamiz, Xalqaro mehnat konferensiyasi hukumatlar, ishchilar va ish beruvchilar vakillari tomonidan ishlab chiqilgan XMT konvensiyalari va tavsiyalarini qabul qiladi. Konvensiyalar XMTga aʼzo davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilinishi mumkin boʻlgan yuridik jihatdan majburiy xalqaro shartnomalar hisoblanadi.