Senat Raisi yoshlar bilan muloqot oʻtkazdi

    Keyingi avlod 26 Dekabr 2023 971

    Joriy yil 25-dekabrda Oliy Majlis Senatida Yoshlar forumi doirasida Senat Raisi bilan “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti tashkil etildi.

    Unda senatorlar, Yoshlar parlamenti aʼzolari, yosh deputatlar, tashabbuskor, faol va iqtidorli yoshlar, davlat mukofoti sovrindorlari va stipendiantlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

    Muloqot davomida Senat Raisi Т.Нарбаева yoshlarga oid davlat siyosati boʻyicha mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ustuvor vazifalar hamda qonunchilikdagi yangiliklarga toʻxtalib oʻtdi.

    Taʼkidlanganidek, soʻnggi 6-yil mobaynida yoshlar siyosatiga doir 106 ta qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilinib, yoshlarning huquq va erkinliklari yanada mustahkamlandi hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asosi takomillashtirildi.

    Mamlakatimizda 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar 19 milliondan ortiq boʻlib, jami aholining 60 foizga yaqinni tashkil etadi. Bu kabi koʻrsatkich har qanday rivojlangan va rivojlanayotgan davlat uchun beqiyos boylik manbai hisoblanadi.

    Barcha yoʻnalishlar, jumladan taʼlim, tadbirkorlik, ijtimoiy koʻmak va boshqa sohalarda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasi yangi darajaga olib chiqilgani eʼtirof etildi.

    Jumladan, oliy taʼlim qamrovi soʻnggi 6-yilda 4 barobarga oshdi (9 foizdan 38 foizga). 151 ming talabaga 1,7 trillion soʻmlik imtiyozli taʼlim kreditlari berildi.

    Yoshlar bandligini taʼminlash, ularning muammolarini hal etishga qaratilgan mutlaqo yangi tizim — “Yoshlar daftari” joriy etildi. Shu yilning oʻzida 282 ming yoshlarga 416 mlrd soʻmlik yordam koʻrsatildi. Respublika boʻyicha yoshlarning 124 mingi kasb-hunarlarga, 133,8 mingi esa tadbirkorlikka oʻqitildi.

    Yoshlar tadbirkorligini kreditlashning yangi tizimi yoʻlga qoʻyilib, bugunga qadar 253 ming 789 nafar oʻgʻil-qizga 6,2 trillion soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratildi.

    Ushbu amaliy ishlar natijasida oxirgi 6-yilda mamlakatimizda 30 yoshgacha boʻlgan tadbirkorlar 8 barobarga koʻpayib, ularning soni 750 mingdan oshdi.

    Keyingi yillarda mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan isteʼdodli, fidoyi yoshlarning 758 nafari turli davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan.

    Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari faoliyati yoʻlga qoʻyilganligi yoshlarning siyosiy-huquqiy ongi va savodxonligi, ijtimoiy faolligini oshirish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda qonunchilik jarayonlariga yoshlarni jalb etish borasida muhim ahamiyat kasb etayotganiga toʻxtalib oʻtildi.

    Senat Raisi muloqot davomida yoshlarning ayrim masalalarga alohida eʼtibor qaratishi lozimligiga toʻxtaldi.

    Xususan, mahalliy Kengashlar va Oliy Majlis palatalarida koʻrib chiqilayotgan qonunlar boʻyicha yoshlar oʻrtasida jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish, yoshlar oʻzlarining muhim masalalari yuzasidan fikrlari, gʻoyalari va takliflarini Yoshlar parlamentidagi vakillari orqali Senatga va uning qoʻmitalariga yetkazib borishlari, yoshlar siyosati sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, xorijiy mamlakatlar yoshlari bilan aloqalar oʻrnatish, oʻzaro tajriba almashish, shuningdek, parlamentda, mahalliy Kengashlarda yosh deputatlar salmogʻini yigit-qizlar hisobidan mos ravishda oshirib borish shular jumlasidan.

    Muloqot davomida turli soha vakillari boʻlgan tashabbuskor, faol va iqtidorli yoshlar soʻzga chiqib, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati boʻyicha olib borilayotgan samarali ishlar hamda uning yoshlar hayotidagi oʻrni haqida fikr bildirdi. Shuningdek, Senat bilan oʻzaro hamkorlik olib borish hamda doimiy aloqada boʻlish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.