Senat Raisi UNICEFning mintaqaviy direktori bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 17 Noyabr 2022 830

    Joriy yil 16-noyabrda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva UNICEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy direktori Afshan Xan xonim bilan uchrashdi.

    Muloqot davomida Oʻzbekistoning UNICEF bilan hamkorligining istiqbollari, xususan, bolalarni ijtimoiy himoya qilish, ularning salomatligini muhofazalash va sifatli taʼlim-tarbiya olish borasida keng koʻlamli dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

    Senat Raisi mazkur uchrashuv Oʻzbekiston va UNICEF oʻrtasida oʻrnatilgan konstruktiv hamkorlikning mantiqiy davomi ekanini taʼkidlab, Oʻzbekistonda bolalarni ijtimoiy himoya qilish, ularning salomatligini muhofaza qilish va sifatli taʼlim-tarbiya olish borasida keng koʻlamli dasturlarni amalga oshirishda Jamgʻarmaning BMT tizimidagi salmoqli oʻrnini eʼtirof etdi.

    Oʻz navbatida, Afshan Xan Toshkentda oʻtkazilgan Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berishga bagʻishlangan II Butunjahon konferensiyasi har tomonlama samarali oʻtgani, Oʻzbekistonda mazkur sohada davlat rahbari darajasida qaratilayotgan eʼtibor tufayli salmoqli yutuq va marralarga erishilayotganini taʼkidlab oʻtdi.

    Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va UNICEF oʻrtasida oʻzaro manfaatli qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirishda hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.