Senat Raisining birinchi oʻrinbosari Ozarbayjon diasporasi bilan ishlash davlat qoʻmitasi raisi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 24 May 2023 891

    Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev Ozarbayjon diasporasi bilan ishlash davlat qoʻmitasi raisi F.Murodov bilan uchrashdi.

    Muloqot chogʻida ikki davlat rahbarlari darajasida yoʻlga qoʻyilgan muntazam muloqot, yetakchilarning mustahkam siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli Toshkent va Baku oʻrtasidagi munosabatlarni keyingi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani alohida taʼkidlandi.

    Shuningdek, tomonlar Oʻzbekiston va Ozarbayjon parlamentlari oʻrtasidagi anʼanaviy yaqin va juda samarali aloqalar rivojlanib borayotganini, bu jarayonlarda parlament palatalarining roli muhim ekanini qayd etdi.

    F.Murodov Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyati va hukumati tomonidan millatlararo va konfessiyalararo munosabatlarni mustahkamlashga katta ahamiyat berayotgani, Oʻzbekistonda ozarbayjon diasporasini rivojlantirish, xususan, ozarbayjon madaniyati va anʼanalarini asrab-avaylash va ularni yuksaltirishga qaratilgan amaliy harakatlari, shuningdek, ozarbayjon tilini oʻrganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Uchrashuv soʻnggida ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.