T.Narbayeva Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida oʻtkazilayotgan ushbu xalqaro tadbir Yangi Oʻzbekistonda munosib mehnat sharoitlarini yaratishda va aholi bandligini taʼminlashda yangi gʻoyalarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Muloqot davomida ikki tomon oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uning rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar singari, mehnat munosabatlari tizimida sezilarli oʻzgarishlar boʻlgani, sohada institutsional, tashkiliy-huquqiy, qonunchilik, norma ijodkorligi hamda xalqaro standartlarni joriy etish boʻyicha keng koʻlamli tizimli ishlar amalga oshirildi.
Xalqaro mehnat tashkiloti bilan koʻp qirrali hamkorlik oʻrnatilgan boʻlib, soʻnggi 10 yil davomida Oʻzbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti oʻrtasida majburiy mehnatga qarshi kurashish, mehnat huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish, mehnat munosabatlari sohasida xalqaro standartlarni joriy etish borasida samarali ishlar amalga oshirildi, — dedi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva.
Munosib mehnat sharoitlarini izchil takomillashtirish, bu borada xalqaro standartlarni joriy etish yuzasidan Oʻzbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti bilan 2014-2016-yillarga moʻljallangan va keyinchalik 2020-yilga qadar uzaytirilgan Oʻzbekistonda munosib mehnat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarning ijrosi toʻliq taʼminlanganligi taʼkidlandi.
2021-yil sentyabr oyida Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha 2021-2025-yillarga moʻljallangan yangi mamlakat dasturining qabul qilinganligi Oʻzbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti oʻrtasidagi manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi alohida qayd etildi.
X.Koller Oʻzbekiston bilan serqirra hamkorlikni davom ettirish, Oʻzbekistonda mintaqada birinchi boʻlib BMTning Barqaror rivojlanish boʻyicha hamkorlik qilish dasturi bilan toʻliq mos keladigan Munosib mehnat boʻyicha yangi mamlakat dasturi qabul qilinganini va uning amalga oshirilishini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.